Click kompaniyasi va Halyk Bank o‘rtasida imzolangan bitimning muddati tugagan.
Bu haqda Halyk Bank aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishiga tayyorlangan rasmiy axborotda bayon qilingan.
Unga ko‘ra, mazkur bitimning amal qilish muddati 2025-yil oxirida, aniqrog‘i 31-dekabrda tugagan.

Skrinshot: Halyk Bank rasmiy axboroti
Bu ikki kompaniya o‘rtasidagi kelishuv amalga oshmaganini ko‘rsatadi.
Halyk Bank rasmiy axborotiga ko‘ra, tomonlar kelgusidagi hamkorlikning variantlari va shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 23-iyul kuni Click kompaniyasi hamda Qozog‘istonning Halyk Banki o‘rtasida kelishuv imzolangandi.
Ushbu kelishuvga binoan, Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foiz ulushini 176,4 mln dollarga sotib oladi.
O‘z navbatida, Click ushbu bankning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Tenge Bank aksiyalarining 49 foizini 60,76 mln dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
Kelishuv doirasida Click 360 mln dollarga, Tenge Bank esa 124 mln dollarga baholangan.
Tegishli tartibga muvofiq, kompaniyalar o‘rtasidagi bu kelishuv uchun mamlakatlarning nazorat organlaridan ruxsat olinishi talab etiladi.
2025-yilning oktyabr oyi boshida Qozog‘iston nazorat organlari ushbu kelishuvga ruxsat bergani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekistonning tegishli nazorat organlari bitimni ma’qullamagan ko‘rinadi.
