Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MobiUz aloqa kompaniyasining ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirilganini e’lon qildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, kompaniya Amerikaning McKim and Company boshchiligidagi investorlar konsorsiumiga 351 mln dollarga sotilgan.
Konsorsium — muayyan loyiha yoki bitimni amalga oshirish uchun birlashgan bir nechta kompaniya yoki investorlar guruhi hisoblanadi.
Mazkur konsorsium tarkibida JVR Capital Group ham sohaviy texnologik hamkor sifatida ishtirok etgan.
Investorlar kompaniyaning telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln dollargacha investitsiya kiritmoqchi.
Xususiylashtirish bo‘yicha bitim tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsati olingach, shuningdek, belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillar bajarilganidan so‘ng rasman yakunlanadi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, McKim & Company AQShda ro‘yxatdan o‘tgan yirik moliyaviy investitsiya kompaniyasi hisoblanadi.
Uning faoliyati asosan yirik moliyaviy loyihalarni boshqarish va investitsiya kiritish bilan shug‘ullanuvchi moliyaviy investor sanaladi.
MobiUz xaridida sohaviy texnologik hamkor sifatida ishtirok etgan JVR Capital Group ham AQShda tashkil etilgan yirik birlashmadir.
Birlashma venchur kapital, sog‘liqni saqlash, tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya, turizm, xalqaro savdo va ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat ko‘rsatadi.
Uning rasmiy saytiga ko‘ra, birlashmaning 2026-yil uchun investitsiya salohiyati 3 mlrd dollarni tashkil etadi.
Xususiylashtirish jarayoni qanday kechdi?
Agar tartibga soluvchi organlar MobiUz’ni xususiylashtirish bo‘yicha bitimni ma’qullasa, bu so‘nggi yillardagi eng yirik bitimlardan biri bo‘ladi.
Aloqa operatorini xususiylashtirish jarayoni 2025-yilning 9-iyunida boshlanganini hisobga olsak, jarayon bir yil davom etgani ma’lum bo‘ladi.
Jarayonga KPMG, Rothschild & Co hamda Deloitte konsultant sifatida jalb qilindi.
Dastlab 2025-yil 1-avgustga qadar kompaniyani sotib olishga qiziqish bildirgan investorlarning arizalari qabul qilindi.
Shu yilning 14-avgust sanasida esa uni sotib olish uchun 15 nafar xalqaro va mahalliy investor qiziqish bildirgani ma’lum bo‘ldi.
Ulardan o‘nta investor keyingi bosqichga o‘tib, majburiy bo‘lmagan narx takliflarini bildirdi.
Keyinchalik, yil oxiriga kelib, bitimning boshqa muhim jihatlari bo‘yicha eng raqobatbardosh shartlarni taklif etgan 3 ta investor tanlab olindi.
Ushbu talabgorlarga takliflarini yaxshilash uchun esa 2026-yil 23-yanvarga qadar yana muddat berildi. Keyinchalik bu muddat 20-aprelga qadar uzaytirildi.
4-iyun kuni esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jarayon muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, MobiUz mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymatdan sezilarli darajada yuqoriroq narxda sotilgan.
Sotuv samaradorligini ko‘rsatuvchi EV/EBITDA multiplikatori kompaniyada 7,4x ni tashkil etib, bu bitimning yuqori samaradorligini aks ettiradi.
Xususiylashtirish jarayoni boshlanganidan ko‘p o‘tmay hukumat kompaniyani 300 mln dollarga sotishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 31-may holatiga ko‘ra, Mobiuz kompaniyasi xizmatlaridan muntazam foydalanadigan faol abonentlar soni 8 mln nafardan oshadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyul oyi oxirida Click kompaniyasining 49 foiz ulushi Qozog‘istonning Halyk Bankiga sotilgani ma’lum bo‘lgandi.
Biroq 2026-yil boshida mazkur bitim tartibga soluvchi organlar ruxsat bermagani bois amalga oshmagani ma’lum bo‘ldi.
