Click fintex kompaniyasi 2025-yil uchun auditdan o‘tgan moliyaviy hisobotini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya yil davomida 702,6 mlrd so‘m daromad qilgan.
Kompaniya daromadini 2024-yilga nisbatan 186 mlrd so‘mga yoki 36 foizga oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Infografika: tanga.uz
Buning natijasida kompaniya sof foydasi ham 27 foizga yoki 80 mlrd so‘mga ko‘payib, 375,8 mlrd so‘mga yetgan.
Click sof foydasi 2025-yildagi o‘rtacha dollar kursi (12 576,6 so‘m) bo‘yicha hisoblanganda 29,88 mln dollarga teng bo‘ladi.
Kompaniyaning xarajatlari ham o‘z navbatida oshgan. 2024-yilda xodimlari uchun 88,6 mlrd so‘m sarflagan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 134 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Tranzaksiya xarajatlari esa qariyb ikki barobardan ko‘proqqa oshib, 74 mlrd so‘mga yetgan.
Reklama xarajatlari esa, aksincha, 3 foizga kamayib, 58 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Hisobot davrida kompaniya 7 mlrd 354 mln so‘m daromad solig‘i to‘lagan.
Taqqoslash uchun, 2024-yilda kompaniya 837 mln so‘m daromad solig‘i to‘lagan edi.
Balans
2025-yilda Click kompaniyasining aktivlari 203 mlrd so‘mga ko‘payib, 637 mlrd so‘mga yetgan.
Aktivlarning ko‘payishi kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi keskin oshgani hisobiga yuz bergan.
Kompaniyaning yil davomida taqsimlanmagan foydasi 265 mlrd so‘mga ko‘payib, 340 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Majburiyatlari esa 72 mlrd so‘mga qisqarib, 275,7 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Ustav kapitali esa ikki barobarga oshib, Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talab darajasiga (20 mlrd so‘m) yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, Paynet fintex kompaniyasi 2025-yilda 395 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
Payme kompaniyasining qancha sof foyda olgani hozircha noma’lum, biroq tanga.uz bu haqda ma’lumot e’lon qilinishi bilanoq xabar beradi.
Avvalroq, 2026-yilning birinchi choragida to‘lov tashkilotlari qancha sof foyda olgani haqida ma’lumot bergandik.
.png)