O‘zbekistonda oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish narxlari o‘rtasidagi farq keskin oshdi.
Markaziy bank o‘lchovli oltin quymalari narxlarining o‘zgarishini e’lon qilib boradi.
2026-yil boshidan buyon oltin quymalarni qaytarib sotib olish narxlari ham e’lon qilina boshlandi.
5-yanvar holatiga ko‘ra, 5 grammlik oltin quyma sotib olingan va qadog‘i butun holda qaytarib sotilgan taqdirda narxlar o‘rtasidagi farq 4 foizni tashkil etgan.

05.01.2026 / Manba: Markaziy bank
Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan quymalar uchun esa bu farq 5,1 foizga teng bo‘lgan.
19-iyun holatiga kelib esa, qadog‘i butun bo‘lganda bu farq 13,75 foizga, qadog‘i buzilgan quymada esa 14,9 foizga yetgan.

Hatto 100 grammlik quymaning qadog‘i buzilgan taqdirda, sotish va qaytarib olish narxlari o‘rtasidagi farq 15 foizdan ham oshgan.
Bu oltin quymani sotib olib, keyin uni banklarga qaytarib sotish o‘rtasidagi tafovut keskin kattalashganini ko‘rsatadi.
Narxlarning o‘zgarishiga e’tibor qaratsak, shu davr mobaynida oltin quyma narxlari 5,7 foizga oshgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oltin quymalari narxi 3-mart kuni tarixiy maksimumga yetib, 1 grammi 2 mln 173 ming so‘mni tashkil etgan edi.

03.03.2026 / Manba: Markaziy bank
Undan keyingi davrda narxlar bir maromda pasayib bormoqda. Natijada 19-iyun holatiga ko‘ra, narxlar maksimumdan 18 foizga arzonlagan.
Biroq shunga qaramay, narxlar o‘tgan yilning 19-iyun holatiga nisbatan 30,3 foizga yuqori bo‘lib turibdi.

16.06.2026 / Manba: Markaziy bank
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda rekord darajada oltin quymalari sotilgan.
O‘zbekistonda oltin quymalari sotila boshlagan davr — 2020-yildan to 2025-yil yakuniga qadar og‘irligi 1,2 tonnaga teng oltin quyma sotilgan.

Manba: Markaziy bank
Shundan 661 kilogrammi 2025-yil hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa shu yili oltinga bo‘lgan qiziqish keskin oshganini ko‘rsatadi.
