2-iyun kuni Taqsim Neo aksiyadorlik jamiyatiga Markaziy bank tomonidan to‘lov tashkiloti faoliyatini yuritish uchun litsenziya berildi.
Shu tariqa, O‘zbekistonda litsenziya asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tashkilotlari soni 51 taga yetdi.
Taqsim Neo kompaniyasi 2025-yil 19-noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan. 2026-yil 14-aprelda esa qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniya ustav kapitali 33,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Manba: stat.uz
Ma’lumot uchun, Markaziy bank to‘lov tashkilotini tashkil etish uchun minimal ustav kapitali miqdorini 20 mlrd so‘m etib belgilagan.
Ochiq ma’lumotlarda kompaniya ta’sischisi sifatida Kamron Akbarov ko‘rsatilgan.
Mazkur shaxs O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov tizimi bo‘lgan UZCARD kompaniyasining 25 foiz ulushiga egalik qiladi. Shuningdek, u “Taqsim Solution” MChJning ham ta’sischisi sanaladi.

Manba: stat.uz
Taqsim Solution korxonasi bilan Taqsim Neo aksiyadorlik jamiyatining yuridik manzili bir xil — Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, 23-uyda joylashgan.
Kompaniya saytiga ko‘ra, Taqsim etik moliya tamoyillariga asoslangan raqamli moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi fintex kompaniyadir.
Eslatib o‘tamiz, UZCARD kompaniyasi 2025-yilda 1 trln 308 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya o‘sha yili 542 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
