Hi-Tech Bank tomonidan elektron auksionga qo‘yilgan Toshkent shahridagi ma’muriy bino 77 mlrd 764 mln so‘mga sotildi.
Lotning boshlang‘ich narxi 74 mlrd 60 mln so‘m etib belgilangan edi. Auksion 2026-yil 1-iyul kuni soat 10:00 da boshlanib, 14 daqiqa davom etdi.
Savdolar yakuniga ko‘ra, Olmos Finance mikromoliya tashkiloti lot g‘olibi deb topildi. G‘olibning tasdiqlangan taklif boshlang‘ich narxdan biroz ko‘proq — 77 mlrd 764 mln so‘m.
Sotuvga qo‘yilgan obyekt Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Orda mahallasi, Navoiy ko‘chasida joylashgan ma’muriy binodan iborat.
Auksion g‘olibi haqida
Olmos Finance mikromoliya tashkiloti 2025-yil noyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, uning ustav kapitali 3,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Ta’sis hujjatlariga ko‘ra, tashkilot ustav fondining 50 foizi Sherzod Karimboyevga, qolgan 50 foizi esa Zohid Alimovga tegishlidir.
Olmos Finance 2026-yilning fevral oyida mikromoliya faoliyatini amalga oshirish uchun Markaziy bankdan litsenziya olgan.
Ma’lumot uchun, Sherzod Karimboyev va Zohid Alimov O‘zbekiston bank tizimida uzoq yillar faoliyat yuritgan mutaxassislardir.
Jumladan, Sherzod Karimboyev Kapitalbank boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
Shuningdek, u ANORBANK tashkil etilishi jarayonida ishtirok etgan hamda keyinchalik mazkur bankning Kuzatuv kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Sherzod Karimboyev / Foto: ANORBANK
Zohid Alimov esa faoliyati davomida Kapitalbank va ANORBANK tizimlarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
U, shuningdek, Hayot Bank boshqaruv raisi lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Zoxid Alimov / Foto: Hayot Bank
Ochiq ma’lumotlarda Olmos Finance rahbari sifatida Shermuhammad Xo‘jamurodov ko‘rsatilgan.
Xo‘jamurodov avval O‘zbekistondagi birinchi mikromoliya banki — Tayanch Mikromoliya Bankining boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
Zohid Alimov hozirda ushbu mikromoliya bankini boshqarmoqda.
2026-yil 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan Tayanch mikromoliya banki aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Zohid Alimov bank boshqaruvi raisi etib saylangan.
Sotilgan obyekt haqida
Sotilgan obyekt besh qavatli bo‘lib, 2020-yilda g‘isht va temir-beton konstruksiyalari asosida qurilgan. Lot hujjatlarida obyektning ta’mirtalab holatda ekani ko‘rsatilgan.

Foto: E-auksion
Shuningdek, obyektning 0,15 gektar yer uchastkasida joylashgani, qurilish osti maydoni 890 kvadrat metrni, foydali maydoni esa 5 319 kvadrat metrni tashkil etishi qayd etilgan.
Lot tavsifiga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tgan umumiy maydon 4 429 kvadrat metrni tashkil etadi.
Bundan tashqari, 890 kvadrat metr hujjatsiz maydon hamda qurilish osti maydoni 86 kvadrat metr bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qism mavjudligi ko‘rsatilgan.

Foto: E-auksion
Obyekt gaz, elektr energiyasi va suv ta’minotiga ulangan. Kanalizatsiya, temir yo‘l tarmog‘i, servitut va noqonuniy qurilmalar mavjud emasligi ko‘rsatilgan.
Savdo hujjatlarida mulk nomida taqiq borligi, biroq auksion g‘olibiga obyekt taqiqlardan yechilgan holda topshirilishi qayd etilgan.
Obyektni elektron auksionga chiqarish uchun asos sifatida 2025-yil 29-oktyabrdagi kreditorlar yig‘ilishining bayonnomasi ko‘rsatilgan.
Lot buyurtmachisi sifatida Hi-Tech Bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 2022-yil 7-oktyabrdagi tegishli qarori bilan Hi-Tech Bank litsenziyasi bekor qilingan edi.
