Payme fintex kompaniyasi 2025-yil uchun moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu yilni 390 mlrd so‘m sof foyda (31 mln dollar) bilan yakunlagan.
Solishtirish uchun, Paynet kompaniyasi 2025-yilda 395 mlrd so‘m, Click kompaniyasi esa 376 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
2025-yilda Payme kompaniyasining sof foydasi 2024-yilga nisbatan 115 mlrd so‘mga yoki 42 foizga ko‘paygan.
Mazkur o‘sishga yuqori daromad tufayli erishilgan. Ushbu yilda kompaniya daromadi 277 mlrd so‘mga yoki 56 foizga ko‘payib, 770 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Infografika: tanga.uz
Kompaniya daromadining 191 mlrd so‘mi mahsulot va xizmatlar tannarxiga to‘g‘ri keladi. 2024-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 98 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.
Payme daromadlari oshishi bilan birga xarajatlari ham o‘z navbatida oshgan. Jumladan, sotish xarajatlari 10 mlrd so‘mga ko‘payib, 78 mlrd so‘mga yetgan.
Shuningdek, ma’muriy xarajatlari deyarli ikki barobarga oshib, 90 mlrd so‘mni tashkil etgan. Boshqa xarajatlar esa 27 mlrd so‘mga ko‘payib, 45,5 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
2025-yilda Payme kompaniyasining sof foydasi o‘sishiga asosiy faoliyatidan tashqari daromadining sezilarli oshishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Jumladan, moliyaviy faoliyatdan olingan daromad 3 barobardan ko‘proqqa oshib, 47,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Moliyaviy xarajatlar esa 15,6 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Payme hisobot yili uchun 7 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda 2,33 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘langan edi.
Balans
2025-yilda Payme to‘lov tashkilotining aktivlari 621,5 mlrd so‘mga ko‘payib, 1,02 trln so‘mga yetgan.
Aktivlarning bunday o‘sishi taqsimlanmagan foyda hamda majburiyatlarning keskin oshishi hisobiga yuz bergan.
Jumladan, kompaniya majburiyatlari 262 mlrd so‘mga ko‘payib, 280 mlrd so‘mni tashkil etgan. Taqsimlanmagan foyda esa 346 mlrd so‘mga ortib, 740 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Shu bilan birga, ustav kapitali 2 barobar oshirilib, Markaziy bank belgilagan minimal talab darajasiga (20 mlrd so‘m) yetkazilgan.
