HUMO to‘lov tizimining boshqaruv raisi o‘zgardi

22.07.2026 06:09
O'zbekchaРусский
Belarus milliy to‘lov tizimi operatorini (BELKART) besh yil boshqargan Aleksandr Sotnikov HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisi etib tayinlandi. Sotnikov ushbu lavozimda 2025-yil sentyabr oyidan buyon ishlab kelgan Ulug‘bek Bahodirov o‘rnini egallaydi.
HUMO to‘lov tizimining boshqaruv raisi o‘zgardi

Aleksandr Sotnikov / Foto: Office Life

Belaruslik mutaxassis Aleksandr Yevgenevich Sotnikov HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisi etib tayinlandi.

Bu haqdagi o‘zgarish to‘lov tizimining rasmiy saytida (ruscha versiyasida) qayd etilgan (saytning o‘zbekcha va inglizcha versiyalarida boshqaruv raisi sifatida hamon Ulug‘bek Bahodirov ko‘rsatilgan).

Skrinshot: HUMO

Aleksandr Sotnikov ushbu lavozimda 2025-yil sentyabr oyidan buyon ishlab kelgan Ulug‘bek Bahodirov o‘rnini egallaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning 18-may kuni HUMO to‘lov tizimi Kuzatuv kengashi qarori bilan Sotnikov kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Oradan deyarli bir yarim oy o‘tib, uning kompaniyadagi vakolatlari tugatilgani ma’lum bo‘ldi.

Korporativ axborot yagona portalida uning kompaniyaning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarilgani ham e’lon qilingandi.

Shundan so‘ng, 5-may kuni Aleksandr Sotnikov o‘zining LinkedIn sahifasida ish qidirayotgani haqida post qoldirdi.

U o‘z postida bosh direktor, bosh direktor o‘rinbosari, direktorlar kengashi maslahatchisi va mustaqil direktor lavozimlariga qiziqishini hamda Minsk shahridan kelib tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan edi.

Aleksandr Sotnikov haqida

Aleksandr Sotnikovning LinkedIn sahifasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, u mehnat faoliyati davomida asosan bank, protsessing va raqamli to‘lov tizimlari sohasida ishlagan.

Dastlab Belarusdagi Belinvestbank tizimida markaz rahbari lavozimida faoliyat yuritib, bank kartalari infratuzilmasi va protsessing tizimlari bilan shug‘ullangan.

Keyinchalik BELKART milliy to‘lov tizimida bosh direktor (CEO) sifatida ishlagan.

Shundan so‘ng Belarus Milliy banki tarkibida To‘lov tizimlari va raqamli texnologiyalar rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.

Mazkur lavozimda raqamli moliyaviy infratuzilma hamda elektron to‘lov texnologiyalari yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan.

2017–2021-yillarda esa Belgazprombank bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab, bank boshqaruvi va strategik rivojlanish jarayonlarida ishtirok etgan.

2021-yilning may oyidan boshlab esa Belarus milliy to'lov tizimi operatorini (BELKART) besh yil davomida boshqargan.

#humo#aleksandr_sotnikov

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan