Hayot Bank ta’sischiligida ZAMAN islomiy mikromoliya banki tashkil etildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Portalda joylashtirilgan axborotga ko‘ra, Hayot Bank yangi tashkil etilgan ZAMAN islomiy mikromoliya bankining 100 foiziga egalik qiladi.

Skrinshot: openinfo
Yangi bank Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Taxtapul MFY, Labzak ko‘chasi, 116-uy manzilida ro‘yxatdan o‘tgan.
Uning ustav kapitali va Islomiy moliya kengashi bilan bog‘liq ma’lumotlar kabi boshqa tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.
Ma’lumot uchun, Hayot Bank tadbirkor Botir Rahimov tomonidan tashkil etilgan. Ayni paytda Rahimov bankning yagona aksiyadori hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni Adliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan edi.
Ushbu hujjat bilan islom bankini tashkil etish hamda an’anaviy banklar tomonidan islomiy darchalar ochish uchun huquqiy asoslar yaratilgan.
Avvalroq, Apex Moliya mikromoliya tashkiloti o‘z faoliyatini islomiy mikromoliya bankiga o‘zgartirishi ma’lum bo‘lgandi.
.jpg)