Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

09.08.2026 18:49
O'zbekchaРусский
Bu hafta (3-avgustdan 9-avgustgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi so‘nggi sakkiz oydagi eng past ko‘rsatkichga tushgani, bir oyda maqsadli ipoteka omonatiga 25 mlrd so‘m jamg‘arilgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yevgeniy Sorochin / Gazeta

O‘zbekiston valyuta birjasida kunlik savdolar vaqti ikki soatga uzaytirilmoqda

2026-yil 10-avgustdan O‘zbekiston valyuta birjasida kunlik savdo sessiyasi 2 soatga uzaytiriladi. Endilikda savdolar ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha davom etadi.

Shu munosabat bilan 74 ta xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan rasmiy kursi Markaziy bank tomonidan soat 17:30 da (hozirda 16:00 atrofida) e’lon qilinadi. Batafsil

O‘zbekistonda dollar kursi so‘nggi sakkiz oydagi eng past ko‘rsatkichga tushdi

Markaziy bank valyuta birjasiga tayanib, 6-avgust kuni uchun dollar kursini 11 886,72 so‘m etib belgiladi.

Bu 2025-yil 4-dekabrdan keyingi davrda kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Bunda rasmiy kurs ketma-ket ikkinchi kun pasayib, shu muddat ichida 103 so‘mga arzonladi.

AQSh dollari yana 6 so‘mdan ko‘proqqa pasaysa, bu 2023-yil 10-avgustidan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.

Joriy yilda rasmiy kursning eng yuqori qiymati 10-fevralga to‘g‘ri kelib, o‘shanda 12 320,34 so‘mni tashkil etgandi. Batafsil

Mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati e’lon qilindi

Markaziy bank mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega tijorat banklari ro‘yxatini e’lon qildi.

2026-yil II chorak yakunlari bo‘yicha quyidagi o‘nta bank bu borada salbiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan:

  • AVO Bank
  • Biznesni Rivojlantirish Banki
  • Mikrokreditbank
  • TBC Bank
  • ANORBANK
  • InFinBank
  • Turonbank
  • Asakabank
  • Ipoteka-bank
  • Kapitalbank

Mazkur reyting 2026-yildan boshlab har chorakda e’lon qilib kelinmoqda.

Ikkinchi chorakda Davr Bank, Tenge Bank hamda Agrobank reytingdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

InFinBank, Ipoteka-bank hamda Kapitalbank esa ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha reytingga yangi qo‘shilgan. Batafsil

Bir oyda maqsadli ipoteka omonatlariga qariyb 24 mlrd so‘m jamg‘arildi

Iyul oyidan boshlab joriy qilingan maqsadli ipoteka omonatiga oy davomida 338 nafar fuqaro tomonidan jami 23,9 mlrd so‘m mablag‘ jamg‘arildi.

Ushbu summaning 10,1 mlrd so‘mi (43 foizi) budjet mablag‘lari, 13,8 mlrd so‘mi (57 foizi) esa omonatchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantirilgan. Batafsil

Andijonda soxta hujjatlar orqali 25 mlrd so‘m kreditni o‘zlashtirib yuborganlar ushlandi

Surxondaryo viloyatida MChJ ta’sischisi va sheriklari avval garovga qo‘yilgan mulkni soxta hujjatlar orqali takroran garovga qo‘yib, Andijon viloyatidagi tijorat bankidan 25 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil

Markaziy bank murojaatlar uchun 1800 qisqa raqamini ishga tushirdi

Bank xizmatlaridan foydalanishda savol tug‘ilsa, ushbu qisqa raqamga murojaat qilish mumkin.

Aloqa markazi mutaxassislari bank va moliyaviy xizmatlarga oid savollar bo‘yicha zarur ma’lumotlarni taqdim etadi. Batafsil

Fiskal tahlillar instituti ayrim bank xizmatlariga QQS joriy etishni taklif qildi

Fiskal tahlillar instituti 2027-yildan boshlab banklar uchun foyda solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish hamda komissiya olinadigan ayrim bank xizmatlariga QQS joriy etishni taklif qildi.

Taklifga ko‘ra, bank hisobvaraqlari va kartalarini yuritish, hisob-kitob va kassa amaliyotlari, ekvayring, to‘lovlarni qabul qilish, bank kafolatlari, akkreditivlar, valyuta ayirboshlash komissiyalari hamda bank kartalari protsessingi kabi xizmatlarga QQS joriy etish tashabbusi ilgari surilgan. Batafsil

Omonatlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 5 yil 3 oylik minimumga tushdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyi yakunlari bo‘yicha jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavka 17,6 foizni tashkil etdi.

Bunda yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha stavka 15,3 foizdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, aholi omonatlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavkalar 19,2 foizgacha pasaygan. Bundan past stavka oxirgi marta 2021-yilning mart oyida qayd etilgan edi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan