O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri Davr Bank aksiyalarining 51 foizi Ozarbayjon Xalqaro bankiga (ABB) sotilmoqda.
Tegishli tartibga soluvchi organlar tomonidan bitimga rozilik berilgach, bank O‘zbekistonda ABB Davr Bank nomi ostida faoliyat yuritishi kutilmoqda.
tanga.uz Ozarbayjon Xalqaro banki faoliyat ko‘rsatkichlari, aksiyadorlari va uning Ozarbayjon bank tizimidagi o‘rni bilan qiziqdi.
ABB haqida
Ozarbayjon Xalqaro banki 1991-yilda davlat banki sifatida tashkil etilgan. Uning faoliyati Ozarbayjon Respublikasi Markaziy banki tomonidan tartibga solinadi.
Bank o‘z faoliyatini 1992-yil 30-dekabrda berilgan umumiy to‘liq bank litsenziyasi asosida amalga oshiradi.

Foto: tribuna.az
Bankning ro‘yxatga olingan ofisi Ozarbayjon Respublikasi, Boku shahri, Nizomiy ko‘chasi, 67-uyda joylashgan.
2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, bankning Ozarbayjon Respublikasida 77 ta filiali mavjud. 2025-yil yakuni bo‘yicha bankning aksiyadorlari quyidagilar:
- Ozarbayjon Moliya vazirligi — 88,54 foiz
- Ozarbayjon Mulk masalalari davlat qo‘mitasi — 3,64 foiz
- Agrarkredit YoAJ — 0,22 foiz
- Boshqalar — 7,6 foiz
2026-yil 24-avgust holatiga ko‘ra, Ozarbayjonda 22 ta tijorat banki mavjud bo‘lib, ularning ikkitasi davlat banki sanaladi. Bular Ozarbayjon Xalqaro banki hamda Azer Turk Bank.
Ozarbayjon banklari ichida eng yirigi aynan ABB bo‘lib, uning aktivlari 2026-yil II chorak yakunlariga ko‘ra, 15 mlrd 305 mln manatni tashkil etgan.
2026-yil 24-avgust holatiga ko‘ra, Ozarbayjonda 1 AQSh dollari 1,7 manatni tashkil etmoqda.
Shu kurs bo‘yicha hisoblaganda, bankning aktivlari 9 mlrd dollarga teng deganidir. Bu mamlakat bank tizimidagi aktivlarning 25 foizini tashkil etadi.
ABB 2025-yilni 404 mln manat (238 mln dollar) sof foyda bilan yakunlab, mamlakat banklari ichida yetakchilik qilgandi.
Bankni 2018-yilning dekabr oyidan buyon Abbos Ibrohimov boshqarib kelmoqda.

Abbos Ibrohimov / Foto: ABB
Kredit portfeli
2026-yil II chorak yakunlariga ko‘ra, ABB kredit portfeli 7 mlrd 602 mln manatni (4 mlrd 472 mln dollar) tashkil etdi.
Yil boshida bankning kredit portfeli 7 mlrd 80 mln manatga (4 mlrd 165 mln dollar) teng bo‘lgan.
Shu tariqa, bankning kredit portfeli yarim yilda 522 mln manatga (307 mln dollar) yoki 7,4 foizga oshgan va Ozarbayjonda eng yirik kredit portfeliga ega bank bo‘lgan.
II chorak yakunlariga ko‘ra, bank kredit portfelining eng katta qismini biznes kreditlari tashkil etmoqda.
Ularning hajmi yil boshidan buyon 119,7 mln manatga (70 mln dollar) oshib, 3 mlrd 665 mln manatga (2 mlrd 156 mln dollar) yetgan.
Iste’mol kreditlari 176 mln manatga (103 mln dollar) ko‘payib, 2 mlrd 160 mln manatni (1 mlrd 270 mln dollar), ipoteka kreditlari hajmi esa 227 mln manatga (133 mln dollar) o‘sib, 1 mlrd 778 mln manatni (1 mlrd 46 mln dollar) tashkil etgan.
Shunday qilib, II chorak yakunlariga ko‘ra, ABB kredit portfelida biznes kreditlarining ulushi qariyb 48,2 foizni, iste’mol kreditlari ulushi 28,4 foizni, ipoteka kreditlari ulushi esa 23,4 foizni tashkil qilgan.
Depozit qoldig‘i
2026-yil II chorak yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon Xalqaro bankining depozit qoldig‘i 9 mlrd 258 mln manatni (5 mlrd 446 mln dollar) tashkil qilgan.
2025-yil oxirida bu ko‘rsatkich 8 mlrd 893 mln manatga (5 mlrd 231 mln dollar) teng edi. Olti oy davomida bankning depozit portfeli 364 mln manatga (214 mln dollar) yoki 4,1 foizga oshgan.
Natijada u depozit hajmi bo‘yicha Ozarbayjon banklari orasida Kapitalbank’dan keyin ikkinchi o‘ringa joylashgan.
II chorak yakunlariga ko‘ra, Kapitalbank depozit portfeli 9 mlrd 951 mln manatni (5 mlrd 854 mln dollar) tashkil etgan. Bu ABB depozit qoldig‘idan 694 mln manatga (408 mln dollar) ko‘p deganidir.
2026-yilning birinchi yarmida ABB depozit qoldig‘ining o‘sishiga aholi depozitlari katta hissa qo‘shgan.
Olti oy mobaynida aholining bankdagi depozitlari 490 mln manatga (288 mln dollar) ko‘payib, 3 mlrd 894 mln manatga (2 mlrd 291 mln dollar) yetgan.
Natijada jismoniy shaxslar depozitlarining umumiy depozit qoldig‘idagi ulushi 38,3 foizdan 42,1 foizgacha oshgan.
Fitch Ratings kutilmalari
2026-yilning 7-avgust kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi ABB kredit reytingini bir pog‘onaga ko‘tarib, “BB+” darajasida tasdiqlagandi.
Bu uzoq muddatli kredit reytingi investitsiya darajasining quyi chegarasi hisoblangan “BBB−” reytingidan bir pog‘ona past.
ABB reytingi yana bir pog‘ona oshirilsa, bank “BBB−” darajasiga chiqadi va investitsiya darajasidagi reytingga ega bo‘ladi.
Fitch hisobotida Davr Bank ulushini sotib olish borasida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Davr Bank nazorat paketining sotib olinishi Ozarbayjon xalqaro bankining yuqori daromadli bozorlarga diversifikatsiya qilish strategiyasiga mos keladi — deyiladi hisobotda.
Agentlikning baholashicha, Davr Bank nazorat paketini sotib olish Ozarbayjon xalqaro bankining kredit holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
