2026-yil 25-sentyabr kuni Ipak Yuli Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibiga bankning ustav kapitalini kamaytirish, yarim yillik foydani taqsimlash hamda islomiy moliyalashtirish bo‘yicha kengash a’zolarini saylash masalalari kiritilgan.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilish belgilangan kuni soat 15:00 da Cisco Webex Meetings platformasi orqali videokonferensiya shaklida o‘tkaziladi.
Aksiyadorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish soat 14:00 da boshlanadi. Yig‘ilishda 2026-yil 21-sentyabr holatiga shakllantirilgan aksiyadorlar reyestriga kiritilgan shaxslar qatnashishi mumkin.
Kun tartibidagi asosiy masalalar:
- bankning 2026-yil birinchi yarim yilligi uchun MHXS asosida tuzilgan oraliq qisqartirilgan moliyaviy hisobotini ko‘rib chiqish natijalarini tasdiqlash;
- 2026-yilning olti oylik joriy foydasini taqsimlash tartibini tasdiqlash;
- bankning ustav kapitalini kamaytirish;
- aksiyalarning avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan qo‘shimcha chiqarilishlari bo‘yicha qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish;
- bank ustaviga o‘zgartirishlar kiritish;
- islomiy moliyalashtirish bo‘yicha bank kengashi a’zolarini saylash.
Bank e’lonida ustav kapitali qancha miqdorga kamaytirilishi yoki yarim yillik foydaning qancha qismi aksiyadorlarga taqsimlanishi haqida ma’lumot berilmagan.
2026-yil birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, bankning ustav kapitali 602 mlrd 421 mln so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, Ipak Yuli Banki aksiyadorlarining 2026-yil 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yillik umumiy yig‘ilishida islomiy bank faoliyatini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilgan edi.
Ushbu masala bo‘yicha qaror aksiyadorlar tomonidan 100 foiz ovoz bilan ma’qullangan. Yig‘ilish qarori bilan Ipak Yuli Bankida islomiy bank faoliyatini joriy etish tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qonunchilik ishlab chiqilgan.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ma’lum qilishicha, hozirda islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi banklarga litsenziya berish jarayoni boshlangan va ayni damda litsenziyalash ishlari ketmoqda.
