Gruziyaning Bank of Georgia banki egasi Lion Finance Group O‘zbekistondagi eng yirik banklardan birini sotib olishga qiziqmoqda.
Guruh bosh direktori Archil Gachechiladzening so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mamlakatdagi eng yirik beshta bankdan birini sotib olishni rejalashtirmoqda.
Bu bayonotdan keyin O‘zbekistondagi yirik banklar orasida qaysi biri xorijiy investor uchun ehtimoliy nomzod bo‘lishi mumkin, degan savol paydo bo‘ladi.
Hozirda aktivlar hajmi bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik davlat banklari qatoriga O‘zmilliybank, Agrobank, SQB, Asakabank va Xalq Banki kiradi. Biroq ularning barchasi xususiylashtirish nuqtayi nazaridan bir xil maqomda emas.
O‘zmilliybank va Agrobank davlat nazoratida qolishi belgilangan banklar qatorida. 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada ushbu ikki bankda davlat ulushini saqlab qolish nazarda tutilgan.
SQB bo‘yicha esa xususiylashtirish jarayoni allaqachon boshlangan. Bankni transformatsiya qilish va davlat ulushini qisqartirish jarayonlari Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Shuningdek, bank aksiyalarini kapital bozoriga chiqarish, jumladan IPO orqali xususiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, SQB aksiyalarining bir qismi Milliy investitsiya jamg‘armasi portfeliga kiritilgan.
Asakabank bo‘yicha ham davlat ulushini qisqartirish jarayoni aniq yo‘nalishga ega. O‘zbekiston hukumati Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan bankni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, eng yirik beshta bank ichida xususiylashtirish masalasida maqomi boshqalardan farq qiladigan bank — Xalq Banki bo‘lib qolmoqda.
Xalq Banki avvalroq Milliy Investitsiya jamg‘armasi portfelidan chiqarilgan edi. Bu esa bankning kelgusidagi xususiylashtirish jarayoni nuqtayi nazaridan muhim o‘zgarish bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada davlat ulushi saqlab qolinadigan banklar ro‘yxatida Xalq Banki ham bor edi.
Ammo 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan yangilangan Fiskal strategiyada xususiylashtirilmaydigan davlat banklari ro‘yxatidan Xalq Banki chiqarib tashlangan.
Shu bois iqtisodchi Otabek Bakirov ham Lion Finance Group O‘zbekistondagi qaysi bankka qiziqishi mumkinligi haqida yozar ekan, Xalq Bankini ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rsatgan.
Ayni paytda bu Xalq bankini Lion Finance Group sotib olishi aniq degani emas. Guruh rahbariyati faqat O‘zbekistondagi eng yirik beshta bankdan birini sotib olish niyati borligini bildirgan.
Qaysi bank bilan muzokara olib borilishi yoki bitim bo‘yicha aniq kelishuv mavjudligi rasman ma’lum qilinmagan.
