Poytaxt Bank 10 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini muomalaga chiqarmoqda

11.09.2026 11:46
O'zbekchaРусский
Poytaxt Bank umumiy qiymati 10 mln dollar bo‘lgan xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni muomalaga chiqarishini ma'lum qildi. Bank ushbu emissiya doirasida yillik 8,5 foiz daromadlilik taklif etmoqda. Obligatsiyalarning muomala muddati 365 kun etib belgilangan.
Poytaxt Bank 10 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini muomalaga chiqarmoqda

Foto: Poytaxt Bank

10-sentyabr kuni Korporativ axborot yagona portalida Poytaxt Bank umumiy qiymati 10 mln dollar bo‘lgan xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni muomalaga chiqarayotgani ma’lum qilindi.

Shu tariqa bank O‘zbekistonda Asia Alliance Bank va Universalbank’dan keyin xorijiy valyutadagi obligatsiya chiqarayotgan uchinchi bank bo‘ldi.

Bank ushbu emissiya doirasida yillik 8,5 foiz daromadlilik taklif etmoqda. Taqqoslash uchun, Asia Alliance Bank valyuta obligatsiyalarini 7 foizlik, Universalbank esa 8,5 foizlik daromadlilik bilan chiqarishini ma’lum qilgan edi.

Emissiya shartlariga ko‘ra, Poytaxt Bank tomonidan chiqarilayotgan har bir xorijiy valyutadagi obligatsiyaning nominal qiymati 100 dollarni tashkil etadi. Jami 100 ming dona obligatsiya chiqariladi.

Ular ochiq obuna orqali cheklanmagan miqdordagi investorlar o‘rtasida joylashtiriladi. Obligatsiyalarning muomala muddati 365 kun etib belgilangan. Foiz daromadlari har oy to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Har bir obligatsiya bo‘yicha foiz daromadi yillik 8,5 foizlik stavka asosida hisoblanadi va AQSh dollarida to‘lanadi. Obligatsiyalarni joylashtirish muddati joylashtirish boshlangan kundan e’tiboran 120 ish kunini tashkil etadi.

Joylashtirishning boshlanish sanasi obligatsiyalar chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabar e’lon qilinganidan keyingi 15-kalendar kuniga to‘g‘ri kelishi aytilgan.

Obligatsiyalarni joylashtirish va muomalaga kiritish “Regulyativ qumdon” maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshiriladi. Ularni Toshkent fond birjasining “Bond Market” obligatsiyalar bozorida listingga kiritish rejalashtirilmoqda.

Muomala muddati yakunlangach, investorlarga obligatsiyalarning nominal qiymati va so‘nggi davr uchun hisoblangan foiz daromadi AQSh dollarida qaytarilishi ko‘zda tutilgan.

So‘ndirish (qaytarib to‘lash) muomala boshlanganidan keyingi 366-kundan boshlanadi va to‘lovlar 10 ish kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi belgilangan.

#Poytaxt_Bank#valyuta_obligatsiya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan