Paynet to‘lov tashkiloti o‘zining sho‘ba korxonasi FurtherIT MChJ orqali GoInvest kompaniyasidagi ulushini 51 foizga yetkazdi.
Bu haqda Kapital Depozit brokerlik kompaniyasining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi. O‘zgarishgacha kompaniya aksiyadorlari tarkibi quyidagicha edi:
- FurtherIT MCHJ — 33,14 foiz
- Kapital-Depozit MCHJ — 29 foiz
- Farrux Xo‘jayev — 21,145 foiz
- Bahrom Abduqodirov — 10,029 foiz
- Jasurbek O‘rolboyev — 6,686 foiz
O‘zgarishdan keyin esa aksiyadorlar tarkibida o‘zgarish bo‘lmagan, biroq ulushlar miqdorida o‘zgarish bo‘lgan:
- FurtherIT MCHJ — 51 foiz
- Kapital-Depozit MCHJ — 21,2534 foiz
- Farrux Xo‘jayev — 15,4966 foiz
- Bahrom Abduqodirov — 7,35 foiz
- Jasurbek O‘rolboyev — 4,9 foiz
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Paynet GoInvest platformasining 33,14 foizini sotib olgani hamda kelgusida ushbu ulushni 51 foizga yetkazish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.
Tomonlar Paynet infratuzilmasi va keng foydalanuvchilar bazasini GoInvest hamda Kapital Depozit kompaniyasining kapital bozoridagi texnologiyalari va tajribasi bilan birlashtirishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik doirasida kapital bozoriga raqamli kirish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi investitsiya mahsulotlarini ishga tushirish va masofaviy brokerlik xizmatlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston investorlariga xalqaro kapital bozorlariga, jumladan, AQSh fond bozoriga qonuniy va qulay kirish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, brokerlik hisobvaraqlarini elektron hamyonlar orqali to‘ldirish imkoniyatini yaratish va GoInvest investitsiya servislarini Paynet ekotizimiga integratsiya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, GoInvest kompaniyasi mahalliy birjada aksiya savdolarini o‘tkazadigan xuddi shu nomdagi platformaga egalik qiladi.
Platforma Kapital Depozit (KAP DEPO) brokerlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
