Yangi Bank tugatish komissiyasi bankning sobiq bosh ofisini qayta sotuvga qo‘ydi. Obyektning boshlang‘ich narxi bu safar 120 mlrd so‘m etib belgilangan.
Bundan uch oy avval bino 163,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgan, biroq belgilangan savdolar o‘tkazilmay, lot keyinchalik bekor qilingandi.
Shu tariqa, yangi auksionda binoning boshlang‘ich narxi 43,3 mlrd so‘mga pasaytirildi. Obyekt Toshkent shahri Yunusobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasi 99-uyda joylashgan.
2017-yilda qurilgan besh qavatli binoda 47 ta xona mavjud. Uning umumiy maydoni 3 648 kvadrat metrni tashkil etadi. Yer uchastkasi 25 sotixga teng.
Lot tavsifida bino yaxshi holatda ekani, elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulangani qayd etilgan. Hududda, shuningdek, 54 kvadrat metr maydonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshoot ham mavjud.
Shunday qilib, navbatdagi auksion 5-oktyabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi. Arizalar shu kuni soat 09:00 ga qadar qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 15-yanvardagi qarori bilan Yangi Bank litsenziyasi bekor qilingan edi.
Shundan so‘ng bankni tugatish jarayoni boshlangan bo‘lib, bankning bosh ofisi ham tugatish komissiyasi tomonidan sotuvga chiqarilgan.
