Markaziy bank AVO Bank mijozining bloklangan omonati bo‘yicha izoh berdi

02.10.2026 11:52
O'zbekchaРусский
Markaziy bank AVO Bank mijozining bloklangan omonati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, holat yuzasidan izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, mablag‘lar huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli qarori asosida bloklangan va bank bu cheklovni mustaqil ravishda bekor qila olmaydi.
Markaziy bank AVO Bank mijozining bloklangan omonati bo‘yicha izoh berdi

Foto: Madina Nurman / Daryo

Markaziy bank AVO Bank mijozining hisobvaraqlari va omonatlari bo‘yicha operatsiyalar cheklangani yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, holat bo‘yicha izoh berdi.

Nazorat organining ma’lum qilishicha, mijozning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar AVO Bank tomonidan Yunusobod tumani prokurori ruxsati bilan huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli qaroriga asosan muzlatilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 294-moddasida bank muassasalarida saqlanayotgan pullar olib qo‘yilmasligi, biroq mol-mulk xatlangani to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim olinganidan so‘ng ular bo‘yicha xarajat operatsiyalari to‘xtatilishi belgilangan — deyiladi regulyator xabarida.

Shu sababli, Markaziy bankning ta’kidlashicha, tijorat banklari vakolatli davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida qo‘yilgan talablarni bajarishi shart.

Bunday talab mavjud bo‘lgan taqdirda, bank yuqorida qayd etilgan organning hisobvaraqqa qo‘yilgan cheklovni bekor qilish haqidagi qarori olinmaguniga qadar belgilangan cheklovni mustaqil ravishda bekor qila olmaydi — deyiladi Markaziy bank izohida.

Nazorat organiga ko‘ra, AVO Bank yoki Markaziy bankda mazkur qarorning qonunchilikka muvofiqligini o‘rganish vakolati mavjud emas.

Hisobvaraqlarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish faqat cheklovni qo‘ygan huquqni muhofaza qiluvchi organning bankka yuborgan tegishli qarori yoki sudning qarori asosida amalga oshirilishi mumkin — deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yashovchi Aleksey Moskovtsev o‘zining LinkedIn sahifasida AVO Bankka qo‘ygan omonatini 134 kundan buyon ololmayotgani haqida post qoldirgandi.

Moskovtsevning yozishicha, u 2025-yilning 9-dekabr kuni uyini sotishdan tushgan mablag‘ni AVO Bank ilovasi orqali olti oy muddatga omonatga qo‘ygan.

Omonat muddati 2026-yilning 10-iyun kuni tugashi kerak bo‘lgan, biroq Moskovtsev omonati 14-may kuni bloklab qo‘yilgani va uni ololmayotganini ma’lum qilgan.

AVO Bank Moskovtsev joylashtirgan post tarmoqlarda muhokama bo‘lgach, bu bo‘yicha munosabat bildirib, mijoz omonati huquqni muhofaza qiluvchi organ qarori asosida bloklanganini va faqat organ ruxsati asosida blokdan chiqarilishini bildirgan.

#avo_bank#markaziy_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan