16-oktyabr kuni Rubicon Wireless Communication (Perfectum aloqa operatorining yuridik egasi) aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda aksiyadorlar kompaniyaning qariyb 100 mlrd so‘mlik mol-mulkini Tursunov Oybek Botirovichga sotish bo‘yicha bitimni ma’qulladi.
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan axborotga ko‘ra, bitimning umumiy qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda 98 mlrd 374 mln so‘mni tashkil etadi.
Sotiladigan mol-mulk tarkibiga Toshkent shahri, Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasi, 21-uyda joylashgan ko‘chmas mulk majmuasi hamda kompaniyaga tegishli 2 012 dona asosiy vosita kiradi. Mazkur manzilda Perfectum kompaniyasining bosh ofisi joylashgan.

Perfectum bosh ofisi. Foto: Yandex Maps
Ko‘chmas mulk majmuasi 65 mlrd 968 mln so‘mga baholangan. U umumiy maydoni 7 283 kvadrat metr bo‘lgan yer uchastkasida joylashgan to‘rtta binodan iborat.
Binolarning umumiy maydoni 10 479 kvadrat metrni tashkil etadi. Kompaniyaning 2 012 dona asosiy vositasi esa 32 mlrd 406 mln so‘mga baholangan. Ushbu summalar ham qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, Oybek Tursunov O‘zbekiston Respublikasining amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Beeline aloqa operatorining egasi bo‘lgan VEON guruhi Perfectum kompaniyasini 207 mln dollarga sotib olmoqda.
Bitimga Raqobat qo‘mitasi bir qator shartlar asosida rozilik bergan. Ma’lum qilinishicha, bitim oktyabr oyi oxiriga qadar to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
