Irakli Elashvili Asakabank boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi

11.11.2026 14:58
O'zbekchaРусский
Irakli Elashvili Asakabank boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi. Gruziyalik mutaxassis bank va moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. Bungacha 2024-yil dekabridan 2026-yil sentyabrigacha Ipoteka bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Irakli Elashvili Asakabank boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi

Irakli Elashvili / Foto: Ipoteka bank

11-noyabr kuni Asakabank matbuot xizmati Irakli Elashvili bank boshqaruv raisi lavozimiga tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Bank matbuot xizmatining xabar berishicha, Irakli Elashvili bank va moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.

Ochiq manbalarda keltirilishicha, gruziyalik mutaxassis 1980-yilda tug‘ilgan.

2002-yilda Tbilisi davlat universitetining bakalavr bosqichini, keyinchalik esa London biznes maktabi (London Business School) magistraturasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Barclays Capital, TBC Capital, FINCA Bank va Alpha Capital Advisory kabi tashkilotlarda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, Hamkorbank kuzatuv kengashi a’zosi ham bo‘lgan.

Tayinlovga qadar, 2024-yil dekabridan 2026-yil sentyabrigacha Ipoteka bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevralidan buyon Asakabank boshqaruv raisi lavozimida Qudratilla To‘laganov ishlab kelgan. 

U joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. Shundan so‘ng, 26-fevral kuni bank raisi lavozimi uchun ochiq tanlov e’lon qilindi. 

Nomzodlardan sohada kamida 10 yillik boshqaruv tajribasi, shundan kamida 5 yili boshqaruv raisi yoki uning o‘rinbosari lavozimida ishlagan bo‘lishi talab etilgan. 

Shuningdek, transformatsiya hamda xususiylashtirish jarayonlarini boshqara olish qobiliyatiga ustunlik berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

#irakli_elashvili#asakabank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan