Davr Bank boshqaruv raisi advokatga javob bermagani uchun jarimaga tortildi

16.11.2026 19:32
O'zbekchaРусский
Davr Bank boshqaruv raisi Abdumajid Samadov advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topilib, ma’muriy javobgarlikka tortildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi 27-oktyabr kuni unga 1 mln 320 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Davr Bank boshqaruv raisi advokatga javob bermagani uchun jarimaga tortildi

Abdumajid Samadov / Foto: Davr Bank

Davr Bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Abdumajid Samadov ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bu haqda Bahodir Ahmedov Telegram kanalida xabar berildi. Sud qaroridan ko‘chirma tanga.uz tahririyati ixtiyorida mavjud.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2026-yil 27-oktyabr kuni chiqargan qaroriga ko‘ra, Abdumajid Samadov advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topilgan.

Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (hozirda 1 mln 320 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Sud qaroridan ko‘chirmada qayd etilishicha, 2026-yil 2-sentyabr kuni VERDICTUM advokatlik byurosi advokati o‘z himoyasidagi shaxsning Davr Bankdagi mehnat faoliyatiga oid hujjatlarni olish uchun bankka so‘rov yuborgan.

Besh banddan iborat so‘rovda tegishli hujjatlarning nusxalarini taqdim etish so‘ralgan. Biroq bank so‘rovga javob qaytarmagan va hujjatlarni taqdim etmaslik sabablarini ham tushuntirmagan.

Shundan so‘ng advokatlik byurosi vakili ushbu holatni advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilish deb baholab, sudga murojaat qilgan.

Sud majlisida advokat bankka yuborilgan so‘rovga javob ololmaganini tasdiqlab, bank boshqaruv raisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ko‘chirmada qayd etilishicha, Abdumajid Samadov sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilingan bo‘lsa-da, majlisga kelmagan.

U sudni boshqa vaqtga qoldirishni ham so‘ramagan. Shu sababli ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilgan.

Sud yakunda advokatning arizasi, unga ilova qilingan hujjatlar va ishdagi boshqa dalillarni o‘rganib chiqib, Samadovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197¹-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (1 mln 320 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Sud taraflarga moddiy yoki ma’naviy zarar undirish yuzasidan nizo yuzaga kelgan taqdirda, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqini ham tushuntirgan.

Ma’lumot uchun, Abdumajid Samadov 2017-yildan buyon Davr Bank boshqaruv raisi sifatida ishlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning avgust oyi oxirida Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51 foiz ulushini 140 mln dollarga sotib olgandi.

9-oktyabr kuni bank nazorati Ozarbayjon bankiga o‘tgach, uning rahbariyat tarkibi yangilandi. Biroq Abdumajid Samadov aksiyadorlar qarori bilan bank boshqaruv raisi lavozimida qoldirildi.

#abdumajid_samadov#davr_bank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan