Openbank aksiyalari boshqa kompaniya tasarrufiga o‘tadi

18.11.2026 09:22
O'zbekchaРусский
Openbank ustav kapitalidagi barcha aksiyalar Open Global MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi. Natijada bankning 100 foiz ulushi Future Open Technology Group AJdan Open Global MChJ tasarrufiga o‘tadi.
Openbank aksiyalari boshqa kompaniya tasarrufiga o‘tadi

Foto: tanga.uz

5-noyabr kuni Future Open Technology Group AJ aksiyadorlari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda jamiyatga tegishli Openbank AJ aksiyalarini Open Global MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritish orqali korporativ tuzilmani qayta tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Aksiyadorlar qaroriga ko‘ra, Openbank ustav kapitalidagi barcha aksiyalar Open Global MChJ ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.

Natijada bankning 100 foiz ulushi Future Open Technology Group AJdan Open Global MChJ tasarrufiga o‘tadi.

Shuningdek, yig‘ilishda Future Open Technology Group ustav kapitalini kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Unga muvofiq, jamiyat aksiyadorlarning arizalari asosida nominal qiymati 1 000 so‘m bo‘lgan 492 mln dona oddiy aksiyani qaytarib sotib oladi va bekor qiladi. 

Natijada jamiyatning ustav kapitali 512 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga kamayadi. Yig‘ilishda jamiyat ustavining yangi tahriri ham tasdiqlandi.

Open Global haqida

Ochiq reyestr ma’lumotlariga ko‘ra, Open Global MChJ 2024-yil 7-avgustda xolding kompaniyalari faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.

Uning yagona ta’sischisi (100 foiz ulush egasi) Open Holding hisoblanadi. Korxona rahbari sifatida Alam Syed Tanver ko‘rsatilgan. Ustav kapitali — 5 mlrd so‘m.

Ochiq manbalarda keltirilishicha, Open Holding Birlashgan Arab Amirliklarining erkin iqtisodiy zonalaridan birida ro‘yxatga olingan.

Openbank tarixiga nazar

Openbank dastlab Smartbank nomi bilan faoliyat yuritgan. 2025-yilda rebrending qilinib, nomi Openbank deb o‘zgartirilgan.

Smartbank 2022-yil dekabr oyida Markaziy bankdan litsenziya olgach, o‘z faoliyatini boshlagan edi.

Bankning o‘sha paytdagi bevosita va bilvosita egasi davlat banklaridan biri — Agrobank bo‘lgan.

Smartbank tashkil etilganidan 2 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2025-yil fevral oyida uning aksiyalari 90,2 foizi Future Open Technology Group AJga 451 mlrd so‘mga sotilgani ma’lum bo‘ldi.

Bankning yangi egasi Open ekotizimi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli 2025-yil sentyabr oyida bank nomi Openbank deb o‘zgartirildi.

2026-yil 15-yanvar kuni Agrobank aksiyadorlari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish o‘tkazib, unda Openbank aksiyalarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqqan.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, bank tomonidan Openbank aksiyalarining qonunchilikda belgilangan tartibda sotib olinishi ma’qullangan.

Shuningdek, aksiyalarni sotib olish bo‘yicha Yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash Agrobank boshqaruvi zimmasiga yuklatilgan, uning bajarilishini nazorat qilish esa bank Kuzatuv kengashiga topshirilgan edi.

Shundan so‘ng Openbank aksiyadorlari tarkibida yana o‘zgarishlar yuz berdi.

O‘sha yilning iyun oyida Openbank aksiyalarining 100 foizi Future Open Technology Group AJ tasarrufiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Ungacha bank aksiyadorlari safida Komilxo‘ja Sultonov (10%) hamda Zafar Adilov (4,93%) ham bor edi.

Ma’lumot uchun, Future Open Technology Group aksiyalarining 92,009 foiziga Investment Development-Textile MChJ, 7,991 foiziga esa Tashpo‘lov Sherzod Abdikadirovich egalik qiladi.

O‘z navbatida, Investment Development-Textile ustav kapitalining 95,1625 foizi Sherzod Tashpo‘lovga, 4,8375 foizi esa Infovest Capital FZCO kompaniyasiga tegishlidir.

Ushbu egalik zanjiri asosida hisoblanganda, Openbank aksiyalarining 95,5491 foizi Sherzod Tashpo‘lovga, 4,4509 foizi esa Infovest Capital kompaniyasiga bilvosita tegishli bo‘lib chiqadi.

Bugungi kunda Openbank boshqaruv raisi To‘rayev Azamat Shuxratovich hisoblanadi.

Azamat To‘rayev / Foto: Openbank

U bank tashkil etilib, keyinchalik sotilganidan buyon ham unga rahbarlik qilib kelmoqda.

Bungacha esa u Agrobank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Openbank joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib islomiy bank faoliyati uchun litsenziya olgandi.

#open_bank#agrobank

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan