Yangi Bankning bosh ofisi 111 mlrd so‘mga sotildi

19.11.2026 08:19
O'zbekchaРусский
Toshkent shahridagi Bodomzor metro bekati, O‘zbekiston Milliy banki bosh ofisi yonida joylashgan Yangi Bankning bosh ofis binosi onlayn auksionda 111 mlrd so‘mga sotildi. Xaridor davlat kompaniyasi bo‘ldi.
Yangi Bankning bosh ofisi 111 mlrd so‘mga sotildi

Foto: E-auksion

Markaziy bank joriy yil boshida litsenziyasini bekor qilgan Yangi Bankning Toshkent shahridagi bosh ofisi 111 mlrd 300 mln so‘mga sotildi.

9-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn auksion savdosida “Kapital Loyihalar Guruhi” MChJ g‘olib deb topildi.

2017-yilda qurilgan besh qavatli bino Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda joylashgan.

Uning umumiy maydoni 3 648 kvadrat metr, foydali maydoni esa 2 548 kvadrat metrni tashkil etadi. Binoda 47 ta xizmat xonasi mavjud.

Foto: E-auksion

Obyekt dastlab 163 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda sotuvga chiqarilgan edi.

Keyingi savdolarda uning boshlang‘ich narxi olti marta pasaytirilib, 106 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yilgandi.

Yakunda xaridor ushbu boshlang‘ich narxdan yuqori — 111 mlrd so‘mlik taklif bilan savdolarda g‘olib chiqdi. Bu dastlabki narxdan qariyb 32 foizga pastdir.

Ma’lumot uchun, xaridor kompaniya joriy yilning 3-aprel sanasida tashkil etilgan. Ustav kapitali — 4 trln 268 mlrd so‘m.

Uning ta’sischilari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bo‘lib, ularning har biri kompaniyaning 50 foiz ulushiga egalik qiladi.

E’tiborli jihati, kompaniya sotib olingan bino bilan bir xil manzilda (Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uy) ro‘yxatdan o‘tgan.

Yangi Bank tugatish komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, binoni sotishdan tushadigan mablag‘lar bankning tugatish massasiga kiritilib, kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2026-yilning 15-yanvar sanasida Yangi Bank litsenziyasini chaqirib olish va bank faoliyatini majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

#yangi_bank#auksion

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan