Buyuk Britaniya O‘zbekistonning 4 ta kompaniyasi va Rustam Mo‘minovga sanksiya qo‘lladi

20.12.2025 07:45
18-dekabr kuni Buyuk Britaniya sanksiyalar ro‘yxatini yangilab, unga 21 ta subyektni qo‘shdi. Yangilangan ro‘yxatga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta kompaniya va jismoniy shaxs Rustam Mo‘minov ham kiritildi.
Buyuk Britaniya O‘zbekistonning 4 ta kompaniyasi va Rustam Mo‘minovga sanksiya qo‘lladi

Foto: Fabrice Coffrini

2025-yil 18-dekabr kuni Buyuk Britaniya amaldagi sanksiyalar ro‘yxatini yangilab, unga 21 ta subyektni qo‘shdi. 

Yangilangan ro‘yxatga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan quyidagi kompaniyalar va bir nafar jismoniy shaxs ham kiritildi.

  • "Farg‘ona Kimyo Zavodi" MChJ
  • "Gelion Business Trade" MChJ
  • "Chemistry International" MChJ
  • "Raw Materials Cellulose" MChJ, 
  • Rustam Rahimjonovich Mo‘minov  

Buyuk Britaniya hukumati o‘z bayonotida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishda yoki tahdid solishda ishtirok etganini qayd etdi. 

Shu sababli ularga nisbatan aktivlarni muzlatish va moliyaviy cheklovlar qo‘llanilgan.

Ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalarning aksariyati va Rustam Mo‘minov avvalroq Yevropa Ittifoqi hamda Ukraina sanksiyalari ostida qolgan edi. 

Xususan, joriy yilning 9-may kuni Ukraina tomonidan “Mercury Renaissance” MChJ, uning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Farg‘ona Kimyo Zavodi hamda Raw Materials Cellulose kompaniyalariga sanksiya joriy etilgandi

Shuningdek, may oyida Yevropa Ittifoqi e’lon qilgan sanksiyalar ro‘yxatiga "Trade Engine System" MChJ, oktyabr oyida esa Rustam Mo‘minov ham kiritilgandi

Buyuk Britaniya hujjatida aytilishicha, Rustam Mo‘minov bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega. 

Shuningdek, hujjatda Mo‘minovning Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishda yoki tahdid solishda ishtirok etgani, yoki mavjud mablag‘lar, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoxud texnologiyalar bilan ta’minlagani ta’kidlangan. 

2023-yilning 23-iyul sanasiga ko‘ra, Rustam Mo‘minov "Farg‘ona Kimyo Zavodi" MChJga egalik qiluvchi "Mercury Renaissance" MChJning 60 foiz ulushiga ega bo‘lgan. 

Skrinshot: orginfo

May oyida Ukraina hukumatining sanksiyalaridan so‘ng, "Mercury Renaissance" MChJ ta’sischilari tarkibida o‘zgarish yuz bergan. 

Manba: stat.uz

Ma’lumot uchun, Farg‘ona Kimyo Zavodi qog‘oz massasi va sellyuloza ishlab chiqaruvchi kompaniya sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 

Manba: stat.uz

BBS rus nashrining o‘rganishlariga ko‘ra, Farg‘ona Kimyo zavodi hamda Raw Materials Cellulose kompaniyasi Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasini ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ham xususiy vositachilar orqali yetkazib beradi. 

Manba: stat.uz

Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ushbu yetkazib berish hajmi bir necha barobar oshgan.  

Sellyuloza — organik birikma bo‘lib, suvda erimaydigan, ta’msiz va tolasiman oq modda hisoblanadi. Asosan o‘simlik urug‘lari tukida, xususan paxtaning chigit tukida 98 foizgacha bo‘ladi. 

Mazkur sellyulozadan nitrosellyuloza olish mumkin. Nitrosellyuloza esa zamonaviy mudofaadagi muhim qurollar, xususan tutunsiz porox uchun zarur komponent hisoblanadi. 

Tutunsiz porox o‘qning uchish tezligini oshiradi va vaznini yengillashtiradi. Shu bois raketa snaryadlari ham shu poroxdan tayyorlanadi. 

Buyuk Britaniya sanksiyalarida joy olgan "Gelion Business Trade" MChJ ham joriy yilga kelib ta’sischisi o‘zgargan. 

Manba: stat.uz

Ilgari kompaniya rahbari hamda ta’sischisi sifatida Raxmatjon Shadiyev ko‘rsatilgan edi. 

Skrinshot: orginfo

Keyingi sanksiyalar qatorida Chemistry International kompaniyasining ta’sischilar tarkibida joriy yilda o‘zgarish yuz bermagan.

Manba: stat.uz

#sanksiya#Buyuk_Britaniya

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar