O‘zbekistonda oltin narxi rekord o‘rnatdi. Narxlar yil boshiga nisbatan 60 foizga oshdi

25.12.2025 05:03
25-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 788 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Narxlar bir kunda 0,3 foizga, yil boshiga nisbatan esa 60 foizga oshdi.
O‘zbekistonda oltin narxi rekord o‘rnatdi. Narxlar yil boshiga nisbatan 60 foizga oshdi

Foto: Getty Images

Markaziy bank 25-dekabr kuni uchun o‘lchovli oltin quyma narxlarini e’lon qildi

Manba: Markaziy bank

Unga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining narxi 1 mln 788 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Bu O‘zbekistonda oltin quymalari sotila boshlangan paytdan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. 

Narxlar bir kunda 0,3 foizga, yil boshiga nisbatan esa 60 foizga oshdi. Oltin narxi shu yilning o‘zida 45 martadan ko‘proq rekord o‘rnatdi. 

Jahon bozorida ham oltin narxi o‘z tarixidagi yuqori cho‘qqilarni zabt etmoqda. 

Xususan, 24-oktyabr kuni oltinning 1 troy unsiyasi tarixda ilk bor 4 ming 500 dollardan oshdi. Biroq bugun, 25-dekabr soat 9:52 holatiga ko‘ra, 4 ming 480 dollarni tashkil etmoqda.

2025-yilda oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilishi bilan bir qatorda keskin pasayish ham kuzatildi. Jumladan, 27-oktyabr kuni oltinning bir troy unsiyasi 4 ming dollardan pastga tushdi. 

Kun davomida eng past nuqta 3 ming 970 dollar darajasiga yetdi. Bu 10-oktyabrdan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich edi. 

Reuters nashri buning sabablarini AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarining yaxshilanayotgani bilan izohladi. 

Unda AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo kelishuvi imzolansa, bu xavfsiz aktivlarga, jumladan oltinga bo‘lgan talabni kamaytirishi ta’kidlandi. 

Ma’lumot uchun, jahon bozorida oltin narxining o‘sishi tufayli O‘zbekiston 11 oyda qariyb 10 mlrd so‘mlik rekord darajada oltin eksport qildi

1-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 61,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bu ham rekord ko‘rsatkichdir.

#oltin_quymasi#oltin_narxlari

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar