Markaziy bank Humans bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Nazorat organining ma’lum qilishicha, Humans hamda unga to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi Paylov to‘lov tashkiloti ustidan ishchi guruh tuzilgan va tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun topshirilgan.
Hozirgi kunda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq vaziyat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
Markaziy bank mazkur holat yuzasidan fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi.
Shuningdek, har bir bank va to‘lov tashkiloti moliyaviy xizmatlardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlashi shartligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabr oyining boshlarida Humans ilovasi ayrim foydalanuvchilarining kartalaridan asossiz ravishda mablag‘lar yechib olinayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Markaziy bank dastlabki bayonotida vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qilgandi. Paylov to‘lov tashkiloti hamda Humans kompaniyasi vaziyat bo‘yicha o‘z bayonotlarida bir-birini ayblagan edi.
