Sergey Gimadiyev ANORBANK Kuzatuv kengashi raisining katta maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Gimadiyev o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Shoodil Nosirov uzoq yillardan beri ANORBANK Kuzatuv kengashi raisi sifatida ishlab kelmoqda.
Sergey Gimadiyev haqida
Gimadiyev Sergey Abdulxayevich 1980-yilda tug‘ilgan. Toshkent moliya institutining bank ishi yo‘nalishini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2005-yilda boshlagan. Bank-moliya sohasidagi 20 yillik ish tajribasi davomida bir qator bank va fintex kompaniyalarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Jumladan, 2019-2021-yillarda Kapitalbank boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, Apelsin (hozirgi Uzum Bank) raqamli bankini tashkil etish va rivojlantirishga bevosita rahbarlik qilgan.
Keyinchalik bank nomi Uzum Bank bo‘lib o‘zgarganidan so‘ng ham ma’lum muddat bank boshqaruv raisi sifatida ishlagan.
Gimadiyev 2023-2024-yillarda Asia Alliance Bank boshqaruv raisi lavozimida faoliyat olib borgan. 2024-yilning may oyida Apex Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan.
Bir yildan keyin, may oyida bank boshqaruv raisi etib tayinlangan. 2025-yilning dekabr oyi boshida esa Apex Bank boshqaruv raisi lavozimidagi vakolatlari tugagani ma’lum qilindi.
Uning o‘rniga InFinBank boshqaruv raisi lavozimidan ozod etilgan Olga Numanova bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
