Humans ilovasi orqali mablag‘larning firibgarlik yo‘li bilan yechib olinishi bo‘yicha foydalanuvchilardan 825 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda Spot nashri kompaniya matbuot xizmatining izohiga tayanib xabar berdi.
7-yanvar kuni Kun.uz Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq foydalanuvchining qariyb 7 mlrd so‘m mablag‘i o‘g‘irlangani haqida yozgandi.
Humans esa Spot so'roviga javoban kompaniyada jabrlanganlar soni va operatsiyalar summasi bo‘yicha ma’lumot yo‘qligi hamda bo‘lishi ham mumkin emasligi bildirildi.
Aytilishicha, barcha firibgarlik tranzaksiyalari Humans ilovasidan tashqarida, bevosita Paylov to‘lov xizmatining texnik infratuzilmasida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida har ikki kompaniya ushbu holat bo‘yicha izoh berib, bir-birini ayblagan edi. Markaziy bank esa 7-yanvar kuni holat bo‘yicha barcha tekshiruv ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma Ichki ishlar vazirligiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida tergov harakatlari olib borilmoqda.
