O‘zbekiston tijorat banklari 2025-yilning dastlabki 11 oyida 180,6 trln so‘m daromad oldi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Mazkur daromadning 115,8 trln so‘mi foizli, 64,8 trln so‘mi esa foizsiz daromadlarga to‘g‘ri keldi.

Manba: Markaziy bank
Bunda banklarning foizli daromadlari 14,6 foizga, foizsiz daromadlari esa 37,3 foizga oshgan.
Ma’lumot uchun, foizli daromadlar bankning asosiy daromad manbai bo‘lib, u kredit va foizli moliyaviy operatsiyalardan olinadi. Foizsiz daromadlar esa bank xizmat ko‘rsatish va vositachilik faoliyati orqali oladigan daromadlar bo‘lib, ular kreditga bevosita bog‘liq emas.
Ushbu davrda banklar 13 trln 501 mlrd so‘m sof foyda olishga erishdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 trln so‘mga yoki 57 foizga ko‘pdir.
Tijorat banklarining to‘lagan soliqlari esa 2,57 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda soliq to‘lovlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 117 mlrd so‘mga ko‘paygan.
2025-yilning avgust oyigacha O‘zbekistonda 36 ta bank faoliyat yuritib kelgan edi. Aynan shu oyda Yevroosiyo bankining litsenziyasi bekor qilindi.
Natijada banklar soni bittaga kamayib, hozirgi kunda 35 ta bank faoliyatini davom ettirmoqda.
Avvalroq, tijorat banklarining to‘qqiz oylik moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma’lumot bergandik. Unda har bir bankning sof foydasi alohida yoritilgan edi.
