Yangi Bank’ning egasi kim va u qancha zarar ko‘rdi?

17.01.2026 13:10
Markaziy bank boshqaruvining 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, "Yangi Bank" AJning litsenziyasi bekor qilindi. tanga.uz tugatilayotgan bankning egasi va ko‘rilgan zarar miqdori, shuningdek, uning aktivlari, kredit portfeli hamda omonat qoldig‘ini o‘rgandi.
Yangi Bank’ning egasi kim va u qancha zarar ko‘rdi?

Foto: Yandex Maps / Edit: tanga.uz

Markaziy bank boshqaruvining 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, "Yangi Bank" AJning litsenziyasi bekor qilindi

Buning sabablari qatorida bankning ustav kapitali minimal talab etiladigan 500 mlrd so‘mdan kam bo‘lgani va katta zararlar ko‘rilgani ko‘rsatildi. 

tanga.uz tugatilayotgan bankning faoliyati davomidagi zarar miqdori va boshqa moliyaviy ko‘rsatkichlarini o‘rgandi.

Bankning ochilishi

2023-yil 5-mayda Markaziy bank boshqaruvi "Yangi Bank" AJga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berdi. 

Bankning yagona ta’sischisi "Yangi-Group" MChJ xorijiy kompaniyasi hisoblanadi. Mazkur kompaniya 2020-yil 19-iyunda tashkil etilgan

Bu kompaniyaga 2019-yil noyabr oyida Singapurda ochilgan "Yangi Holding Pte. Ltd." egalik qiladi. 

Yangi-Group tashkil etilgan vaqtda kompaniya rahbari sifatida O‘zagroeksportbank’ning sobiq rais o‘rinbosari Odil Amerkulov ko‘rsatilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida, Odil Amerkulov Yangi Crypto kompaniyasining ham ta'sischisi va rahbari sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, u Yangi Finance mikromoliya tashkiloti hamda Yangi Payment to‘lov tashkilotining ta’sischilaridan biri hisoblanadi.

2022-yilning 1-iyun sanasida Amerkulov va yana uchta kishi tomonidan moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi Innfactor kompaniyasi tashkil etilgan. Biroq ko‘p o‘tmay ushbu kompaniyaning faoliyati yakunlangan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Finance mikromoliya tashkiloti hamda Yangi Payment to‘lov tashkiloti Yangi Bank'ning affillangan shaxslari ro‘yxatida kiritilgan.

16-yanvar holatiga ko‘ra, Yangi Payment to‘lov tashkilotining ham ustav kapitali belgilangan miqdorga yetmagan.

Bank rahbariyati

Yangi Bank litsenziya olgan kundan 2025-yil yanvar oyigacha bankni Svetlana Xe boshqardi. Svetlana Xe bankdan ketganidan bir oy o‘tib, Uzum Bank boshqaruv raisi etib tayinlandi

Foto: Uzum Bank

Keyinchalik, bankka rossiyalik mutaxassis Tatyana Asmakoves jalb etildi. Tatyana 2025-yil fevral oyida boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshladi va iyul oyiga kelib bankka yangi rahbar tayinlandi. 

Foto: Yangi Bank

Bu Timofey Smirnov bo‘lib, bank yig‘ilishi qarori bilan uch yilga rahbar etib tayinlandi va bank faoliyati yakunlangunga qadar rahbarlik qildi. 

Foto: SEG Enera

Smirnov shuningdek, "Yangi-Group" MChJ hamda Baxtiyor Fozilov ta’sischisi bo‘lgan "Sanoat Energetika Guruhi Enera" MChJning rahbari sifatida ko‘rsatilgan.

Zarar miqdori

Yangi Bank ikki yildan ko'proq faoliyati davomida jami 171,5 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. Spot nashrining xabar berishicha, bu zararning katta qismi, aniqrog‘i 136 mlrd so‘mi 2025-yilga to‘g‘ri keldi. 

Shu bilan birga, 2,6 mlrd so‘mi 2023-yilga, 31,9 mlrd so‘mi 2024-yilga, 1 mlrd so‘mi esa 2026-yil boshiga to‘g‘ri keladi.

Bank aktivlari

2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank aktivlari 593 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bank majburiyatlari esa 399 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. 

Bunda bank aktivlari 2024-yilning mos davriga nisbatan 271 mlrd so‘mga, majburiyatlar esa 250 mlrd so‘mga oshgan.

Depozit va kredit portfeli

2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank kredit portfeli 188 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu kreditlarning 6,2 foizi muammoli kreditlardan iborat. 

Taqqoslash uchun, 2024-yil yakunida bankning kredit portfeli 138 mlrd so‘mni, 2023-yil yakunida esa 46 mlrd so‘mni tashkil etgan. 

Depozit qoldig‘i 2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra 394 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2024-yil yakunida bu ko‘rsatkich 202 mlrd so‘m, 2023-yil yakunida esa 3 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. 

Markaziy bank "Yangi Bank"ga omonat qo‘yganlarning mablag‘lari belgilangan tartibda qaytarilishini ma’lum qildi.

#yangi_bank#yangi-group#svertlana xe

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar