Yangi Bank omonatchilariga mablag‘larni qaytarish jarayoni BRB orqali amalga oshiriladi

27.01.2026 08:09
O'zbekchaРусский
Yangi Bank omonatchilariga mablag‘larni qaytarish bo‘yicha agent-bank vazifasini Biznesni rivojlantirish banki bajaradi. To‘lovlar omonatchilar reyestri asosida va belgilangan tartibda shaxsni aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Yangi Bank omonatchilariga mablag‘larni qaytarish jarayoni BRB orqali amalga oshiriladi

Foto: Yandex Maps

Yangi Bank omonatchilariga mablag‘larni qaytarish bo‘yicha agent-bank vazifasini Biznesni rivojlantirish banki bajaradi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi xabar berdi

To‘lovlar omonatchilar reyestri asosida va belgilangan tartibda shaxsni aniqlash orqali amalga oshiriladi. Omonatchilardan bu jarayonda hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab qilinmaydi. 

Jismoniy shaxs bo‘lgan omonatchilar mablag‘larni BRB mobil ilovasi orqali boshqa bank kartalariga o‘tkazishlari, shuningdek, bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib naqd pul shaklida olishlari mumkin. 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar esa markazlarga murojaat qilib bankda hisob raqam ochishi yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan mablag‘larni olishlari mumkin. 

Bundan tashqari, omonatchilar xohishiga ko‘ra mablag‘larini BRBning omonat mahsulotlariga joylashtirishlari ham mumkin

To‘lovlarni boshlash sanasi qo‘shimcha e’lon qilinadi. Hozircha ularning taxminiy boshlanish sanasi 2026-yil 28-yanvar deb ko‘rsatilmoqda. 

Ayni paytda barcha jarayonlar qonunchilik talablariga muvofiq, belgilangan reja asosida va muddatlarda amalga oshirilmoqda. 

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Omonatlarni kafolatlash agentligi raqami: 555-500-500, Biznesni rivojlantirish banki raqami: 1254 ga murojaat qilish mumkin.

Avvalroq, Yangi Bank faoliyati davomida qancha zarar ko‘rgani haqida ma’lumot bergandik.

#yangi_bank#oka#BRB

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar