Madad Invest Bank nomi mybank deb o‘zgartiriladi
10-mart kuni Madad Invest Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibida bankning firma nomini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Yakunda aksiyadorlar bankning Madad Invest Bank firma nomini mybank deb o‘zgartirishga qaror qildi.
Mazkur qaror Markaziy bank bilan kelishilgach rasman kuchga kiradi.
Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirildi
18-mart kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Regulyatorga ko‘ra, bu qaror inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda qabul qilingan.
Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi umumiy inflyatsiya sur’atlarining pasayishini sekinlashtirgan.
Fevral oyida umumiy inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi. Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotda talab yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Bu, o‘z navbatida, savdo hajmi, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va budjet xarajatlarining o‘sishida namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.
Click va Halyk Bank o‘rtasidagi kelishuv amalga oshmadi
Click kompaniyasi va Halyk Bank o‘rtasida imzolangan bitimning muddati tugagan.
Bu haqda Halyk Bank aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishiga tayyorlangan rasmiy axborotda bayon qilingan.
Unga ko‘ra, mazkur bitimning amal qilish muddati 2025-yil oxirida, aniqrog‘i 31-dekabrda tugagan. Bu ikki kompaniya o‘rtasidagi kelishuv amalga oshmaganini ko‘rsatadi.
Halyk Bank rasmiy axborotiga ko‘ra, tomonlar kelgusidagi hamkorlikning variantlari va shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 23-iyul kuni Click kompaniyasi hamda Qozog‘istonning Halyk Banki o‘rtasida bitim tuzilgandi.
Ushbu kelishuvga binoan, Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foiz ulushini 176,4 mln dollarga sotib oladi.
O‘z navbatida, Click bankning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Tenge Bank aksiyalarining 49 foiz ulushini 60,76 mln dollarga sotib oladi.
Tegishli tartibga muvofiq, kompaniyalar o‘rtasidagi bu kelishuv uchun mamlakatlarning nazorat organlaridan ruxsat olinishi talab etiladi.
2025-yilning oktyabr oyi boshida Qozog‘iston nazorat organlari kelishuvga ruxsat bergani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekistonning tegishli nazorat organlari bitimni ma’qullamagan ko‘rinadi.
Mikroqarz va avtokredit stavkalarining haftalik o‘zgarishi
Markaziy bank banklar kesimida mikroqarz va avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

2026-yil 16-mart kuni aholiga ajratilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 29,3 foizni tashkil etdi.
Bu statistika e’lon qilina boshlaganidan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Shu kuni avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,8 foizga teng bo‘ldi.
Bir hafta ichida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 0,2 foiz bandga, avtokreditlarning o‘rtacha stavkasi esa 0,3 foizga pasaygan.
Hayot Bank boshqaruv raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Hayot Bank Kuzatuv kengashining tegishli qarori bilan Obidjon Norqulov bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Foto: Asia Alliance Bank
Norqulov ushbu tayinlovga qadar 2023-yil noyabr oyidan beri Asia Alliance Bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Obidjon Norqulov 1984-yilda tug‘ilgan. 2007-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini Iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Biznesni rivojlantirish banki, Xalq banki hamda Asia Alliance Bank’ning yuqori lavozimlarida ishlagan.
ANORBANK umumiy qiymati 50 mlrd so‘m bo‘lgan obligatsiya chiqaradi
5-mart kuni ANORBANK Kuzatuv kengashi umumiy qiymati 50 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarishga qaror qildi.
Bunda har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 ming so‘m etib belgilandi.
Obligatsiyalarning yillik daromadliligi 22 foizni tashkil etadi. Foiz to‘lovlari har 90 kunda amalga oshiriladi.
Muomala muddati esa 3 yil. Obligatsiyalar sotuvi qachon boshlanishi aytilmagan.
Apex Bank va Hayot Bank tashkil etilganiga uch yil bo‘ldi
Apex Bank va Hayot Bank 2023-yilning 16-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Ularga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya esa Markaziy bank tomonidan ertasi kuni berilgan.
