mybank kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 50 foizdan oshdi

10.06.2026 08:21
O'zbekchaРусский
mybank kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 50 foizdan oshdi. 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, bankning kredit portfeli 584 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 296 mlrd so‘mi yoki 50,8 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
mybank kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 50 foizdan oshdi

Foto: Yandex Maps

mybank kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 50 foizdan oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, bankning muammoli kreditlari miqdorining bunday keskin o‘sishi aprel oyiga to‘g‘ri keladi.

1-aprel holatiga ko‘ra, bankning kredit portfeli 399 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan 11 mlrd so‘mi yoki 2,7 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

1-may holatiga kelib esa bankning kredit portfeli aprel oyida 185 mlrd so‘mga ortib, 584 mlrd so‘mga yetgan. Muammoli kreditlari esa 286 mlrd so‘mga ko‘payib, kredit portfelidagi NPL ulushi 50,8 foizni tashkil etgan.

1-may holatiga ko‘ra, mybank depozit qoldig‘i 213 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu bank kredit portfelidan 371 mlrd so‘mga kamdir.

Bank depozit qoldig‘ining 135 mlrd so‘mi yuridik shaxslar, 77 mlrd so‘mi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Aprel oyi davomida bankning depozit qoldig‘i 10 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mybank 8-iyun kuni aholiga o‘rtacha 31,3 foizdan mikroqarz ajratgan.

Avtokreditlar o‘rtacha 27,9 foizdan rasmiylashtirilgan va bu o‘sha kuni ajratilgan avtokreditlarning eng yuqori stavkasi bo‘lgan.

1-may holatiga ko‘ra, mybank aktivlari 1 trln 105 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Shundan 500 mlrd so‘mi ustav kapital hissasiga to‘g‘ri keladi.

Manba: stat.uz

Eslatib o‘tamiz, 10-mart kuni bank aksiyadorlari bankning Madad Invest Bank firma nomini mybank deb o‘zgartirishga qaror qilgandi.

Ma’lumot uchun, mybank 2025-yilda 8,9 mlrd so‘m, 2026-yilning birinchi choragida esa 2,9 mlrd so‘m sof foyda olgan.

#mybank#npl

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar