O‘zbekistonning uchta yirik fintex kompaniyasi — Payme, Paynet va Click 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotlarini e’lon qildi.
Hisobotlarga ko‘ra, 2025-yilda ushbu uch kompaniyaning jami daromadi 3 trln 215 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bu 2024-yilgi 2 trln 144 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan 1 trln 72 mlrd so‘mga yoki 50 foizga ko‘pdir.

Infografika: tanga.uz
Hisobotlar uchala kompaniyaning ham o‘tgan yilga nisbatan daromadi va sof foydasini oshirganini ko‘rsatadi.
Biroq biznes hajmi, rentabellik va moliyaviy samaradorlik bo‘yicha ular o‘rtasida sezilarli tafovut mavjud.
Daromad hajmi bo‘yicha Paynet yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa, o‘sish sur’ati bo‘yicha Payme birinchi o‘rinni egalladi.
Shu bilan birga, kompaniyalar daromadlari o‘rtasida sezilarli farq kuzatilganiga qaramay, sof foyda ko‘rsatkichlari deyarli bir xil shakllangan.
2025-yilda Paynet 395 mlrd so‘m, Payme 390 mlrd so‘m, Click esa 376 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan.
Ularning jami sof foydasi 2025-yil uchun dollarning o‘rtacha rasmiy kursi bo‘yicha hisoblaganda 92 mln 314 ming dollarga teng bo‘ladi.
E’tiborlisi, Paynet’ning daromadi Payme’nikidan ikki baravardan ko‘proq bo‘lishiga qaramay, sof foydasi atigi 5 mlrd so‘mga yuqori bo‘lgan.
Click esa daromad hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lsa-da, tushumining yarmidan ko‘prog‘ini sof foydaga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Xarajatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning asosiy faoliyati bilan bog‘liq operatsion xarajatlari ham sezilarli darajada oshgan.
2025-yilda ularning jami operatsion xarajatlari 2 trln 30,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu 2024-yilgi 1 trln 271 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichga nisbatan 760 mlrd so‘mga yoki 60 foizga ko‘pdir.
Kompaniyalarning to‘liq moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlil bilan quyidagi havolalarda tanishish mumkin: Paynet, Payme va Click.
