10-sentyabr kuni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Prezidentga fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi.
Oradan ikki oy o‘tgach, moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.
Fintex - "финансовые технологии" ya’ni moliyaviy texnologiyalar so‘zining qisqartmasidir.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilgacha fintex sohasidagi startaplarga 1 mlrd dollar miqdorida investitsiya jalb etiladi.
Shuningdek, Markaziy bank qoshida 50 mln dollarlik venchur fond tashkil etiladi.
Bundan tashqari, fintex sohasidagi startaplar uchun yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, sinash va rivojlantirish imkonini beradigan innovatsion markaz tashkil etiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab, mazkur markaz ishtirokchilariga kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi. Biroq, bu miqdor 20 ming dollardan oshmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank qoshidagi fintex-ofis 2025-yilning IV choragida ochilishi kutilmoqda.
Sohani rivojlantirish dasturiga ko‘ra, 5 mingga yaqin talaba yoshlarni fintex bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.
Ularni o‘qitish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Markaziy bank tomonidan qoplanadi.
Ushbu dastur Singapur Milliy Universiteti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Ravshanbek Kadirov Markaziy bankning fintex bo‘yicha bosh direktori lavozimiga tayinlandi.
Regulyatorning mazkur bo‘limiga yaqinda ochilishi kutilayotgan fintex-ofis ham kiradi.
Avvalroq, O‘zbekistonda fintex sohasining hozirgi holati haqida ma’lumot bergan edik.
