Paylov to‘lov tashkiloti Humans ilovasi bilan bog‘liq firibgarlik bo‘yicha izoh berdi. Kompaniya o‘z izohida Markaziy bank firibgarlik bo‘yicha tekshiruv o‘tkazganini ta’kidladi.
Shuningdek, nazorat organiga mazkur hodisaga oid barcha so‘ralgan ma’lumotlar, texnik axborot va materiallar to‘liq hajmda taqdim etilganini bildirdi.
Bugun, 9-yanvar kuni Humans matbuot xizmati firibgarlik holati bo‘yicha 825 ta murojaat kelib tushganini ma’lum qildi.
Kompaniya Spot so‘roviga javoban firibgarlik bo‘yicha jabrlanganlar soni va operatsiyalar summasi bo‘yicha ma’lumot yo‘qligi hamda bo‘lishi ham mumkin emasligi bildirildi.
Humans kompaniyasiga ko‘ra, barcha firibgarlik tranzaksiyalari Humans ilovasidan tashqarida, bevosita Paylov to‘lov xizmatining texnik infratuzilmasida amalga oshirilgan.
Paylov esa bunga javoban barcha firibgarlik operatsiyalari Humans infratuzilmasiga bog‘langanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Humans ilovasiga bog‘langan bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni API kalitsiz bajarish texnik jihatdan imkonsiz ekanligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, “Octagram” AJ tomonidan “Humans” MChJ agentining texnik konturini joyiga chiqib audit o‘tkazish bo‘yicha yuborilgan so‘rov qanoatlantirilmadi. Hamda hodisani birgalikda tahlil qilish maqsadida “Octagram” AJ ofisida ishtirok etish bo‘yicha taklif yuborilgan bo‘lsa-da, “Humans” MChJ mutaxassislarining ishtiroki ta’minlanmadi. Taklifga javoban ushbu tekshiruvlarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan mutaxassislar ishtirokida onlayn uchrashuvlar o‘tkazish taklifi bilan cheklanilgan — deb yozilgan Paylov xabarida.
2025-yil dekabr oyida, ya’ni firibgarlik operatsiyalari aniqlangandan bir necha kun o‘tib, kompaniyalar bayonot berdi. Unda ham har ikki kompaniya bir-birini ayblagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 7-yanvar kuni holat bo‘yicha barcha tekshiruv natijalarini Ichki ishlar vazirligiga topshirdi.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida tergov harakatlari olib borilmoqda.
.png)