2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida bir qancha o‘zgarishlar kuchga kiradi. tanga.uz ularning ayrimlarini o‘rgandi.
Tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tadi
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.
Bunda muassasa faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlarida navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Kamera va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari qo‘llaniladi
Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, jarima ballari qoidabuzarlik sodir etilgan paytda avtomobilni boshqarayotgan shaxsga yoziladi.
Mazkur shaxs avtomobilning egasi bo‘lmasligi ham mumkin.
Ayrim to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi
Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1- apreldan boshlab quyidagi to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar
- elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar
- alkogol va tamaki mahsulotlari
- avtomobilga elektr quvvati yoki yoqilg‘i quyish uchun to‘lovlar
- qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar
- ko‘chmas mulkni sotish va sotib olish
- avtomobillarni sotish va sotib olish
Umra ziyoratiga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Hukumat qarori bilan Haj va Umra uchun yagona portal ishga tushirildi.
Bundan buyon ziyoratga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.
Qarorga binoan, 2026-yil 1-fevraldan boshlab Haj safariga, 2026-yil 1-apreldan esa Umra ziyoratiga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi.
Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmagan holda safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Parolga ushbu havola orqali kirish mumkin. Unga kirgandan so‘ng, dastlab shaxsiy ma’lumotlarni kiritish so‘raladi.
Chet ellik sayyohlarni jalb qilgan tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar beriladi
Xalqaro konferensiya va tadbirlarni tashkil etib, kamida 100 nafar chet ellik sayyohni jalb qilgan tadbirkorlarga imtiyoz beriladi.
Bunda ushbu tadbirlarni tashkil etishda ular tomonidan to‘langan QQS summasining 50 foizi qaytariladi.
Shuningdek, turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Payme, Click, UZCARD, HUMO kabi kompaniyalar ko‘proq soliq to‘lay boshlaydi
1-apreldan IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun yangi o‘zgarishlar kuchga kiradi.
Unga ko‘ra, sohada to‘lov tashkiloti, to‘lov tizimi operatori, elektron to‘lov tizimi va mikromoliya tashkiloti sifatida faoliyat yuritayotgan rezidentlarga imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Ularga bunga qadar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha bir qator imtiyozlar berib kelingan edi.
Ma’lumot uchun, Payme, Click kabi kompaniyalar to‘lov tashkiloti, HUMO, UZCARD esa to‘lov tizimi hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun imtiyozli ipoteka kreditlari berila boshlaydi
Budjet hisobidan beriladigan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega bo‘lgan hamda ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ajratiladi.
Bu jarayon bosqichma-bosqich joriy etilib, 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki yil, 2028-yildan boshlab esa oxirgi uch yil hisobga olinadi.
Uzbekistan Airways brend tariflarini joriy qiladi
2026-yil 1-apreldan boshlab ichki aviaqatnovlarida brend tariflari joriy etiladi.
Bunda Lite brendi bo‘yicha tariflarning minimal darajalari quyidagicha:
- Toshkent–Andijon — 235 230 so‘mdan
- Toshkent–Samarqand — 235 230 so‘mdan
- Toshkent–Namangan — 235 230 so‘mdan
- Toshkent–Farg‘ona — 235 230 so‘mdan
- Toshkent–Buxoro — 276 741 so‘mdan
- Toshkent–Termiz — 401 275 so‘mdan
- Toshkent–Urganch — 484 298 so‘mdan
- Toshkent–Nukus — 484 298 so‘mdan
Tariflar chipta sotib olingan sana, joylarning mavjudligi va qo‘llaniladigan shartlarga qarab o‘zgarishi mumkin.
Nukusdagi ayrim bog‘cha to‘lovlariga 50 foiz chegirma beriladi
Nukus shahridagi Qoratov va Besto‘be mahallalarida yashovchi aholi uchun davlat bog‘chalari to‘lovlari arzonlashadi.
Ya’ni, bu hududlardagi bog‘chalarda ota-onalar to‘lovni 50 foiz kamroq to‘laydi.
