25-may kuni UZCARD aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aksiyadorlar taqsimlanmagan foydadagi mablag‘ning bir qismini taqsimlashga qaror qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yilning I choragida olingan sof foydaning 250 mlrd so‘m qismi hamda o‘tgan yillardagi taqsimlanmagan foydaning 415 mlrd so‘m qismi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi.
Oddiy aksiyalar bo‘yicha to‘lanadigan dividendlarning umumiy miqdori 665 mlrd so‘m etib belgilandi.
Bunda har bir aksiya uchun dividend miqdori 13 300 so‘mni tashkil etadi. Dividendlar 2026-yil 25-maydan boshlab to‘lanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, UZCARD 2025-yilda 1,3 trln so‘m, 2026-yilning birinchi choragida esa 437 mlrd so‘m sof foyda olgandi.
I chorak yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi 1 trln 186 mlrd so‘mni tashkil etgan. Kompaniya 2025-yil davomida 542 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
Ma’lumot uchun, UZCARD to‘lov tizimining 75 foiz ulushi “IMC-Capital” MChJ xorijiy kompaniyasiga, qolgan 25 foiz ulushi esa Kamron Akbarovga tegishli.
IMC-Capital korxonasi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan Berill Holding Company Limited tomonidan nazorat qilinadi.
Avvalroq, Click aksiyadorlariga 52 mlrd so‘m dividend to‘lash haqida qaror qilingani ma’lum bo‘lgandi.
