Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

12.07.2026 09:52
O'zbekchaРусский
Bu hafta (6-iyuldan 12-iyulgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Ikkita bank yuqori foizli omonat turiga mablag‘ qabul qilishni to‘xtatgani, to‘rtta hududda bank xodimlari ishtirokida 1,6 mlrd so‘mga yaqin kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: InFinBank

InFinBank ustav kapitalini 800 mlrd so‘mga oshirmoqda

24-iyun kuni InFinBank kuzatuv kengashi yig‘ilishida qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali bank ustav kapitalini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, bank ustav kapitali 800 mlrd so‘mga oshirilib, 1 trln 440 mlrd so‘mdan 2 trln 240 mlrd so‘mga yetkaziladi.

Buning uchun nominal qiymati 1 ming so‘m bo‘lgan 800 mln dona oddiy, egasining nomi yozilgan hujjatsiz qo‘shimcha aksiyalar chiqariladi. Batafsil

ANORBANK ijtimoiy tarmoqdagi reklamasi uchun jarimaga tortildi

ANORBANK Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan reklamasi uchun jarimaga tortildi. Jarima miqdori qancha ekanligi ochiqlanmagan.

Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bank reklamasida aksiya shartlari va moliyaviy xizmatga oid muhim ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilmagan.

Holat yuzasidan bankka nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanib, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan. Batafsil

Bank xodimlari ishtirokida 1,6 mlrd so‘mga yaqin kredit mablag‘lari talon-taroj qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida bank xodimlari ishtirokida 1,6 mlrd so‘mga yaqin kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.

Tergovga ko‘ra, bank xodimlari va boshqa shaxslar fuqarolarni xabardor qilmagan holda ularning nomiga imtiyozli, ipoteka va tadbirkorlik kreditlarini rasmiylashtirib, mablag‘larni o‘zlashtirgan. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil

O‘zbekistonda 2,5 mln nafardan ortiq aholi o‘z nomiga kredit olishni taqiqlab qo‘ydi

1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 mln 574 ming nafar aholi firibgarlikdan himoyalanish maqsadida o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishga taqiq qo‘ygan.

Taqqoslash uchun, yil boshida bu ko‘rsatkich 438 ming 322 nafar edi (qariyb 6 barobar kam). Xizmatdan asosan 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar foydalanmoqda. Batafsil

Yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Soliq qo‘mitasining yirik P2P o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha taklif etilgan normasi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasiga zid ekanini bildirdi.

Regulyatorga ko‘ra, tashabbus fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga, bank siriga va naqdsiz to‘lovlar tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Batafsil

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning valyuta kursi rejimini qayta baholadi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida mamlakatning amaldagi valyuta kursi rejimini “boshqariluvchan” toifasidan “suzib yuruvchi” toifasiga qayta tasnifladi.

Jamg‘arma bu qarorni 2025-yil aprelidan buyon milliy valyuta kursining moslashuvchanligi oshgani, ya’ni so‘m kursi bozor omillari ta’sirida erkinroq shakllanayotgani bilan izohlagan. Batafsil

Trastbank ikkita omonat turiga mablag‘ qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi

Trastbank 6-iyuldan boshlab milliy valyutadagi “Universal” va “Onlayn Universal” muddatli omonatlariga yangi mablag‘lar qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi.

Bu haqda bank o‘z rasmiy saytida ma’lum qilib, mijozlarga boshqa turdagi omonatlarni rasmiylashtirishlari mumkinligini bildirgan.

ANORBANK 22 foizlik stavkali omonatga mablag‘ qabul qilishni to‘xtatdi

ANORBANK 2026-yil 1-iyuldan boshlab yillik 22 foiz stavkadagi “Barqaror” omonatini yangidan rasmiylashtirish mumkin bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Bank o‘z xabarida ushbu o‘zgarish omonatni endi ochmoqchi bo‘lganlarga taalluqli ekanligini, bungacha omonatni ochganlar uchun esa hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligini ta’kidlagan.

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan