Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

01.11.2026 11:14
O'zbekchaРусский
Bu hafta (26-oktyabrdan 1-noyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Sentyabr oyida banklarning muammoli kreditlari 1 trln so‘mga ortgani, Google Pay va Apple Pay ishlay boshlagani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Nizomiddin Abbosov (chapda) va Qahramonjon Olimov

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berildi

Markaziy bank Openbank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berdi.

Bu O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun berilgan ilk litsenziya hisoblanadi. Batafsil

Nizomiddin Abbosov BRB boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Nizomiddin Abbosov Biznesni Rivojlantirish Banki boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Foto: UzA

U mazkur lavozimda 2025-yilning dekabr oyidan buyon ishlab kelayotgan edi.

Mustaqil manbalarning ma’lum qilishicha, davlat banklarida bittadan boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilmoqda.

Bundan avval Mikrokreditbank, AloqaBank, Turonbank hamda Xalq Bankida ham shunday o‘zgarishlar bo‘lgandi.

Sentyabr oyida banklarning muammoli kreditlari 1 trln so‘mga ortdi

Sentyabr oyida banklarning muammoli kreditlari 1 trln so‘mga ko‘payib, 1-oktyabr holatiga 25 trln so‘mga yetdi.

O‘sishning 396 mlrd so‘mi davlat banklari, qolgani (622 mlrd so‘m) esa boshqa banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Banklar kesimida Mikrokreditbank (+601 mlrd so‘m), Orient Finans Bank (+312 mlrd so‘m) hamda mybank (+196 mlrd so‘m) muammoli kreditlari eng ko‘p oshgan.

Asakabank (-97 mlrd so‘m), O‘zmilliybank (-65 mlrd so‘m) hamda Ziraat Bankning (-65 mlrd so‘m) ushbu oyda muammoli kreditlari sezilarli darajada kamaygan. Batafsil

O‘zbekistonda Google Pay va Apple Pay ishlay boshladi

27-oktyabr kuni O‘zbekiston banklari chiqargan kartalarni Apple Wallet va Google Wallet elektron hamyonlariga qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Hozircha Google Wallet ilovasiga to‘qqizta bankning, Apple Wallet ilovasiga esa sakkizta bankning Visa va Mastercard kartalarini qo‘shsa bo‘ladi. Ro‘yxat.

Bankirlarning o‘rtacha oylik maoshi 20 mln so‘mga yaqinlashdi

O‘zbekistonda hozirda bank va moliya sohasi vakillarining o‘rtacha oylik maoshi eng yuqori bo‘lib turibdi.

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ularning o‘rtacha oylik nominal ish haqi 19 mln 712 ming so‘mni tashkil etgan. Batafsil

O‘nga yaqin bank islomiy bank litsenziyasini olishga ariza bergan — MB vakili

Markaziy bankka o‘nga yaqin tijorat banki islomiy bank litsenziyasini olish uchun ariza topshirgan. Bu haqda regulyator vakili ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda, qonunchilik talablariga javob bergan banklarga qo‘shimcha litsenziyalar berilishi kutilmoqda. Batafsil

Qahramonjon Olimov ANORBANK Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqdi

ANORBANK aksiyadori Qahramon Olimov 2-oktyabr kuni bergan arizasiga ko‘ra, bank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqarildi.

Foto: Qahramon Olimov / LinkedIn

Uning o‘rniga bank Kuzatuv kengashi a’zosi etib Voistinov Konstantin Alekseyevich saylangan.

Voistinov ochiq manbalarda ANORBANK boshqaruv raisi maslahatchisi hamda Kapital Sug‘urta tashkiloti kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan.

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan