Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

05.04.2026 11:07
O'zbekchaРусский
Bu hafta (30-martdan 5-aprelgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Karta va kreditlar uchun shaxsiy raqam talabi, banklararo hisobvaraqlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalar yo‘lga qo‘yilishi shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yandex Maps

Aholi o‘rtasida bir bank hisobidan boshqasiga pul o‘tkazish imkonini beruvchi xizmat ishga tushirildi

Uning kartadan kartaga pul o‘tkazishdan farqi shundaki, bunda mablag‘ bevosita bank hisobvaraqlari o‘rtasida o‘tkaziladi. 

Ma’lumot uchun, har bir fuqaro karta rasmiylashtirganda, karta uning bankdagi hisobvarag‘i asosida ochiladi. 

Ushbu xizmat fuqarolarga pul o‘tkazishda qo‘shimcha tanlov imkoniyatini yaratadi.

Jumladan, xizmat yordamida karta bloklangan yoki uning amal qilish muddati tugagan taqdirda ham mablag‘larni boshqa hisobga yo‘naltirish mumkin. 

Mazkur yechim o‘tkazma komissiyalarini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda. 

Sababi, bu o‘tkazmada HUMO va UZCARD kabi protsessing tizimlari ishtirok etmaydi. Batafsil

Ikki oyda infokiosklar orqali UZCARD bank kartalari 2 trln so‘mga to‘ldirildi

2026-yilning yanvar-fevral oylarida infokiosklar orqali UZCARD bank kartalarini to‘ldirish 2 trln so‘mga yetdi. 

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga ko‘pdir. Infokiosklari sonining ko‘pligi tufayli to‘ldirishlarning 94 foizi Paynet hissasiga to‘g‘ri keldi. 

Biroq kompaniyaning ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan biroz pasaygan. 

Bunga OSON infokiosklari orqali to‘ldirishlar hajmining 47 foizga ortgani ta’sir ko‘rsatdi. 

To‘ldirishlarning asosiy qismi Xalq Banki kartalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Ammo Agrobank hamda Ipak Yuli Banki kartalarini to‘ldirish ulushi oshgani bois uning hissasi kamaygan. Batafsil

Mikroqarz va avtokreditlarning haftalik o‘zgarishi

2026-yil 30-mart kuni aholiga ajratilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 29,2 foizni tashkil etdi. 

So‘nggi bir hafta ichida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 0,4 foiz bandga oshgan. 

Bu vaqt ichida avtokredit stavkalari esa 0,1 foiz bandga oshib, 22,8 foizni tashkil qildi.

Ulug‘bek Tavakkalov Kapitalbank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimini tark etdi

Tavakkalov bu lavozimga bank Kuzatuv kengashining 2025-yil 4-fevraldagi qarori bilan tayinlangan edi.

Ulug‘bek O‘ktamovich Tavakkalov 1978-yilda tug‘ilgan. 

Bank tizimidagi mehnat faoliyatini 2003-yilda Ipak Yuli Bankida boshlagan.

Bank tizimidagi top menejerlardan biri bo‘lgan Ulug‘bek Tavakkalovning mehnat faoliyati haqida batafsil:

Hayot Bank startaplar uchun venchur fond ishga tushirmoqda

Hayot Ventures deb nomlangan fond dastlabki (MVP) bosqichdagi startaplarni moliyalashtirishga qaratilgan. 

Fondning yiliga 20−40 ta shunday startapni qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutilgan. 

Ochiq manbalarga ko‘ra, “Hayot Ventures” MChJ 2025-yil 4-iyulda tashkil etilgan. 

Uning 90 foiz ulushiga Ismoiljon Jo‘rayev, qolgan 10 foiziga esa “Hayot Birja” MChJ egalik qilishi qayd etilgan. 

Ma’lumot uchun, Hayot Birja korxonasining ta’sischisi Hayot Bank hisoblanadi. 

Hayot Bank esa to‘liq xususiy bank bo‘lib, uning ta’sischisi Botir Rahimovdir.

Hayot Ventures rahbari etib Bekmullin Tigran ko‘rsatilgan. 

Mazkur shaxs ochiq ma’lumotlarda SQB Ventures fondining ham rahbari sifatida qayd etilgan. Batafsil

2025-yilda o‘zbekistonliklar rekord darajada oltin sotib oldi

O‘zbekistonda oltin quymalar 2020-yilning noyabr oyidan buyon aholiga sotilmoqda. 

Bundan aholining investitsiya imkoniyatlarini oshirish ko‘zda tutilgan. 

Sotuvlar boshlanganidan to 2025-yil yakuniga qadar og‘irligi 1,2 tonnaga teng oltin quyma sotilgan. 

Shundan 661 kilogrammi 2025-yil hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bank talabning bunday keskin ortishini oltin narxining keskin ko‘tarilgani bilan izohladi. 

2025-yilda oltinning daromadliligi bank omonatlariga nisbatan qariyb 3 baravar yuqori bo‘lgan. 

Oltin sotila boshlaganidan buyon aholi banklarga 201 kilogramm oltin quymasini qaytarib sotgan. 

2025-yilda aholining oltindagi depozitlari ham keskin oshgan. Batafsil

Apex Bank ustav kapitalini 200 mlrd so‘mga oshirmoqda

31-mart kuni Apex Bank kuzatuv kengashining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, bankning ustav kapitalini 200 mlrd so‘mga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Buning uchun nominal qiymati 1000 so‘mdan bo‘lgan 200 mln dona oddiy aksiya chiqariladi.

Chiqarilgan aksiyalar yopiq obuna orqali bankning amaldagi aksiyadorlari o‘rtasida teng taqsimlanadi. 

Jarayon yakunlangach, bankning ustav kapitali 800 mlrd so‘mga yetadi. 

Ma’lumot uchun, 2025-yilda 95,6 mlrd so‘m sof foyda olgan. Batafsil

Fevral oyida banklarning depozit qoldig‘i qanday o‘zgardi?

1-mart holatiga ko‘ra, tijorat banklarining depozit qoldig‘i 421 trln 877 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. 

Fevral oyi davomida banklarning depozit qoldig‘i 1,85 trln so‘mga oshdi. 

Bu o‘sish asosan davlat banklari hissasiga to‘g‘ri keldi. Unga, jumladan, Agrobank (+1 trln 663 mlrd so‘m), AloqaBank (+414 mlrd so‘m) va Xalq Banki (+351 mlrd so‘m) eng katta hissa qo‘shdi.  

Boshqa banklardan Octobank (+744 mlrd so‘m), Kapitalbank (+706 mlrd so‘m) hamda ANORBANK depozit portfelida sezilarli o‘sish bo‘ldi. Batafsil

Alif mikromoliya banki ochish uchun litsenziya olishga ariza berdi

Bu haqda kompaniya asoschilaridan biri Zuhursho Rahmatullayev Alter Ego dasturida ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda, mikromoliya banki ochish uchun kapitalga qo‘yilgan talablar kamroq, bu esa nisbatan qulay. 

Shuningdek, u keyinchalik qadamma-qadam to‘laqonli bankka aylanish mumkinligini ta’kidladi. Batafsil

Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadini kanalga tashlab yuborgani aytilmoqda

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro 31-mart kuni avtokredit rasmiylashtirish maqsadida Qo‘qon shahridagi bankka borib, shundan so‘ng bedarak yo‘qolgan. 

Uning yaqinlari Kun.uz nashriga ma’lum qilishicha, u bank binosini bank xodimi bilan birga tark etgan, ikki soat o‘tgach, xodim yolg‘iz o‘zi qaytib kelgan. 

Bosh prokuratura tergovga qadar tekshiruv davomida Qo‘qon shahridagi banklardan birining kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. gumonlanuvchi sifatida ushlanganini ma’lum qildi. 

U mijozni o‘ldirib, jasadini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganini tan olgan. Batafsil

Octobank Toshkentning ikkita nuqtasida yangi bank xizmatlari markazini ochdi

Ular quyidagi manzillarda joylashgan:

  • Food Mall — Toshkent shahri, Shahrisabz ko‘chasi, 6
  • Ekobozor Chimgan — Temur Malik ko‘chasi, 3А

Islomiy bank faoliyatini tartibga soladigan qonun qabul qilindi

Islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Markaziy bank litsenziyasi talab etiladi.  

Mazkur litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.

Bankning islomiy moliya operatsiyalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish
  • vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish
  • tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish
  • tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish
  • birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish
  • mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan)

Qonun rasmiy e’lon qilingan (29-mart) kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank hududiy bo‘linmalarining ishonch raqamlari

1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlarni naqd pulda amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi. 

Bunday to‘lovlarda muammo yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bank hamda soliq organlarining ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin. 

Yuqoridagi rasmda ularning hududiy bo‘linmalarining aloqa raqamlari keltirilgan.

Muammoli kreditlarni undirish tartibi takomillashtiriladi

Prezident farmoni bilan muammoli kreditlarni undirish samaradorligini oshirish maqsadida yangi yondashuv joriy etilmoqda

Unga ko‘ra, undiruv jarayonlari ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi. 

Buning uchun qo‘shimcha 400 ta ijrochi shtat birligi ajratiladi. 

Mazkur tizim tijorat banklari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. 

Ijrochilar sonini ko‘paytirish yoki kamaytirish Bosh prokuror buyrug‘i bilan belgilanadi. 

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi va Markaziy bank ikki oy muddatda undiruv jarayonidagi to‘lovlarni taqsimlash tartibini belgilaydi.

HUMO Card botining obuna narxi 5 baravarga oshdi

1-apreldan HUMO Card botining Premium obunasi narxi 5 ming so‘m etib belgilandi. Bunga qadar ushbu narx 1 ming so‘mni tashkil etardi.

Endi bank kartalarini mobil ilovalarga ulash uchun telefon raqami foydalanuvchi nomida bo‘lishi shart

O‘zbekistonda 22-apreldan bank kartalarini mobil ilovalarga ulash va kredit rasmiylashtirish uchun telefon raqamining foydalanuvchi nomida bo‘lishi shart qilib belgilandi. 

Markaziy bankning yangi qarori bilan biometrik identifikatsiya va OTP-kodlardan foydalanishning qat’iy mezonlari joriy etilib, ma’lumotlar mos kelmagan holatlarda tizim amaliyotlarni avtomatik ravishda to‘xtatadi.

Eski avtomobillarni topshirganlarga imtiyozli avtokredit beriladi

2026-yil 1-avgustdan trade in dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

Endilikda 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat etiladi

Yangi nizomga ko‘ra, onlayn kredit olish uchun ariza yuborilganda, kredit tashkiloti avval foydalanuvchi ma’lumotlarini kredit shartnomasi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi. 

Agar shaxs ushbu reyestrda mavjud bo‘lmasa, kredit berish jarayoni davom ettiriladi.

Shu bilan birga, bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlaridan so‘rov yuborilsa, kredit byurosi faqat birinchi bo‘lib kelgan so‘rovga javob qaytaradi. 

Agar birinchi so‘rov yuborgan tashkilot kredit rasmiylashtirilganini tasdiqlasa, boshqa tashkilotlar uchun ushbu JSHSHIR bo‘yicha 24 soat davomida so‘rov qabul qilinmaydi. Ushbu o‘zgarishlar 22-apreldan kuchga kiradi.

#kripto

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar