Hafta davomida e’lon qilingan eng muhim yangiliklar dayjesti (8-14-sentyabr kunlari uchun)

14.09.2025 08:57
Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 50 mlrd dollardan oshdi. Mamlakatdagi oltin quyma narxlari esa rekord qayd etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz bergan eng muhim yangiliklar tanga.uz dayjestida.
Hafta davomida e’lon qilingan eng muhim yangiliklar dayjesti (8-14-sentyabr kunlari uchun)

Foto kollaj: tanga.uz

UzAuto Motors 2025-yilda yangi Cobalt avtomobilini chiqaradi

UzAuto Motors kompaniyasi 2025-yilda Chevrolet Cobalt avtomobilining yangilangan versiyasini taqdim etadi.

Foto: Chevrolet Uzbekistan

Yangi modelga bir qancha funksiyalar qo‘shilgan. Uning narxi 160-170 mln so‘m atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 50 mlrd dollardan oshdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2025-yilning avgust oyida 1,3 mlrd dollarga oshib, 50,1 mlrd dollarni tashkil etdi. 

Bu o‘sish oy davomida 1 troy unsiya oltin narxining 3 ming 307 dollardan 3 ming 408 dollargacha ko‘tarilishi hisobiga yuz berdi.

Ilk bor 100 gramm oltin quymasining narxi 150 mln so‘mdan oshdi

2025-yil 9-sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining narxi 1 506 200 so‘mni tashkil etdi. 

Bu mamlakat tarixidagi rekord narx hisoblanadi. Narxlar yil boshiga nisbatan 35 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 42 foizga yuqoriladi.

Georgiy Paresishvili Toshkent fond birjasi rahbarligidan ketdi

Toshkent fond birjasining boshqaruv raisi Georgiy Paresishvili lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimga 2022-yilda tayinlangandi. 

Foto: RFB matbuot xizmati

Uning o‘rniga Kuzatuv kengashining qarori bilan Fayzulla Toshov birja boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Qanday qilib oltin quymalarini sotib olish mumkin?

Bugun, 9-sentyabr kuni O‘zbekistonda oltin quymalarining narxi rekord qayd etdi. Bir yil oldin oltin sotib olganlar 42 foiz daromad ko‘rdi.

Shu sababli tanga.uz oltin quymalarini sotib olish hamda sotish jarayoniga oid material tayyorladi. Unda jarayon to‘liq bayon etilgan:

Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida bog‘cha ochganlarga imtiyozlar beriladi — Prezident

Yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida bolalar bog‘chasi tashkil etganlarga imtiyozlar beriladi. 

Ular subsidiya, foydalanish uchun yer, tarbiyachilarning maoshi va boshqa bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Ta’lim tizimidagi boshqa yangiliklar:

Uzum Market’da sotilayotgan yog‘ning yaroqlilik muddati noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlandi

Uzum Market’da sotilayotgan Oila Tanlovi nomli yog‘ mahsulotining yaroqlilik muddati 6 oy o‘rniga 12 oy qilib ko‘rsatilgani aniqlandi. 

Raqobat qo‘mitasi mazkur kompaniyalarga ushbu holatdan iste’molchilarga yetkazilgan 1,6 mlrd so‘mlik zararni qoplash yoki sifatli muqobil tovarga almashtirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Pulni qanday usulda saqlash foydali?

Bu savolga har kimning o‘ziga xos javobi bor. Kimdir dollarda saqlashni ma’qul ko‘rsa, boshqa birov omonatga qo‘yishni afzal ko‘radi. 

Infografika: tanga.uz

tanga.uz bu savolga javob topish maqsadida bir yillik davr uchun tahlil o‘tkazdi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi

Markaziy bank bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyada davom etishini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qoldi. 

2025-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 8,7% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Yarim yilda iqtisodiy o‘sish 7,2 foizgacha yetgan.

Tilmoch startapi 150 ming dollar sarmoya jalb qildi

Ushbu mablag‘ning 60 ming dollarini AloqaVentures, 50 ming dollarini Yoshlar Ventures, 40 ming dollarini esa IT Park Ventures fondlari kiritgan.

Sakkiz oyda O‘zbekistonga chet eldan 12,1 mlrd dollar o‘tkazilgan

2025-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga chet eldan 12,1 mlrd dollar o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘proqdir. 

Ushbu davr mobaynida aholining xorijiy valyuta sotuvi xarididan 5,6 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lgan. Bunda yillik o‘sish 1,4 barobarga teng bo‘ldi.

Albaniya dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni vazir etib tayinladi

Uning nomi Diella bo‘lib, "quyosh nuri" ma’nosini anglatadi. Diellaning vazifasi barcha davlat xaridlarini nazorat qilishdan iborat.

Bundan tashqari, u mamlakatning e-Albaniya platformasi uchun ham mas’uldir.

Rossiyada asosiy stavka ketma-ket uchinchi bor pasaytirildi

12-sentyabr kuni Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, 17 foiz darajasida belgiladi.

Bu regulyatorning asosiy stavkani ketma-ket uchinchi marta pasaytirishi hisoblanadi

O‘zbekistonda xususiy shifoxonalar soni qancha?

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xususiy shifoxonalar soni 1 ming 301 tani tashkil etdi. Bunda yillik o‘sish 80 foizga teng bo‘ldi. 

Infografika: tanga.uz

Ma’lumot uchun, bu raqamlar yotib davolanish imkoniyati mavjud bo‘lgan xususiy shifoxonalarga tegishlidir.

Markaziy bank avgust oyida 9 ta bankka jarima qo‘lladi

Markaziy bank avgust oyida 9 ta bankka, 6 ta mikromoliya tashkilotiga va 4 ta lombardga nisbatan jarima qo‘lladi. 

Shuningdek, 8 ta yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqdi.

#hafta_daydesti

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar