KDB Bank Uzbekistan Kuzatuv kengashi tarkibida o‘zgarish bo‘ldi
27-fevral kuni KDB Bank Uzbekistan aksiyadorlarining qarori bilan Seo In Vonning bank Kuzatuv kengashidagi vakolati muddatidan oldin tugatildi.
Uning o‘rniga Koreya Taraqqiyot bankining Global biznes departamenti bosh menejeri Kim In Yon bank Kuzatuv kengashi a’zosi etib tayinlandi.
Hayot Bank ustav kapitalini 100 mlrd so‘mga oshirmoqda
16-fevral kuni Hayot Bank aksiyadorlari bank ustav kapitalini 100 mlrd so‘mga oshirishga qaror qildi.
Buning uchun bank nominal qiymati 1 ming so‘m bo‘lgan 100 mln dona oddiy aksiya chiqaradi.
Chiqarilgan aksiyalar yopiq obuna yo‘li bilan mavjud aksiyadorlar o‘rtasida joylashtiriladi.
Jarayon yakunlangach, bank ustav kapitali 100 mlrd so‘mga oshib, 650 mlrd so‘mga yetkaziladi.
Ma’lumot uchun, Hayot Bank 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning yagona aksiyadori Botir Rahimov hisoblanadi.
Joo Dong Bin KDB Bank Uzbekistan boshqaruv raisi etib tayinlandi
KDB Bank Uzbekistan aksiyadorlarining qarori bilan Joo Dong Bin bank boshqaruvi raisi etib tayinlandi.
23-fevral kuni Li Yon Lok bank boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilgan edi.
Boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarish esa bankning boshqaruvchi direktori Kim Xan Sunga yuklatilgandi.
Joo Dong Bin ushbu tayinlovga qadar Koreya Taraqqiyot bankining Moliyaviy boshqaruv bo‘limi ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
UzNIF portfelidan Xalq Banki chiqarilmoqda
Davlat ishtirokidagi kompaniyalar hamda tijorat banklari samaradorligini oshirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) portfeliga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga muvofiq, Navoiyazot aksiyalarining 25 foizi va Xalq Banki aksiyalarining 30 foiz ulushi UzNIF portfelidan chiqarilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi.
O‘zbektelekom aksiyalarining 5 foizi va O‘zbekinvest sug‘urta kompaniyasi aksiyalarining 10 foiz davlat ulushi esa UzNIF portfeliga qo‘shiladi.
Shuningdek, SQB aksiyalarining 10 foizi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan UzNIF portfeliga o‘tkazilmoqda.
Mikroqarz va avtokreditlarning haftalik o‘zgarishi
2-mart holatiga ko‘ra, tijorat banklarida mikroqarzlarning o‘rtacha yillik foiz stavkasi 29,6 foizni tashkil etmoqda.
.jpg)
So‘nggi bir hafta ichida bu ko‘rsatkich 0,3 foiz bandga oshdi.
Avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka esa 0,4 foiz bandga kamayib 22,5 foizga tushdi.
Yanvar oyida banklardagi muammoli kreditlar qanday o‘zgardi?
2026-yilning yanvar oyida O‘zbekiston tijorat banklaridagi muammoli kreditlar 1 trln 306 mlrd so‘mga ko‘paydi.
Shundan 912 mlrd so‘mi davlat banklari, 394 mlrd so‘mi esa boshqa banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu oyda davlat banklarida muammoli kreditlar ulushi 3,2 foizdan 3,4 foizga oshgan.
Boshqa banklarda esa bu ko‘rsatkich 0,2 foiz bandga o‘sib, 2,8 foizga yetgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston banklari kredit portfelining 67 foizi davlat banklari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Yanvar oyi bo‘yicha banklarning muammoli kreditlari hamda kredit portfeli to‘g‘risidagi batafsil:
AVO Bank bankomatlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limini tugatadi
2-mart kuni AVO Bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibida bankning tashkiliy tuzilmasini o‘zgartirish va ayrim bo‘linmani tugatish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yakunda aksiyadorlar bir ovozdan bankning o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qurilmalari, jumladan, bankomatlarni mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘limini tugatishga qaror qildi.
Ushbu bo‘limning tugatilishi munosabati bilan bankning tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish topshirildi.
P2P o‘tkazmalarida o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish joriy etilmoqda
Markaziy bank P2P o‘tkazmalarda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish funksiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari ushbu funksiyani mijozlar uchun foydalanish qulayligini saqlagan holda joriy etishlari mumkin.
Bunda har bir bank o‘z ilovasining texnik imkoniyatlari va ichki siyosatidan kelib chiqib ish tutadi.
Banklar va to‘lov tashkilotlari ixtiyoriy ravishda to‘lov maqsadi parametrlarini kengaytirishi yoki taklif etilganlarini kamaytirishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi naqdsiz hisob-kitoblar ko‘lamini kengaytirish hisoblanadi.
Dilrabo Allayorova Octobank bosh buxgalteri etib tayinlandi
Octobank Kuzatuv kengashining qarori bilan Nodira Asatova bank bosh buxgalteri lavozimidan ozod etildi.
Uning o‘rniga Dilrabo Allayorova bank bosh buxgalteri etib tayinlandi. Allayorova, shuningdek, bank boshqaruvi a’zolaridan biriga aylandi.
Nodira Asatova 2022-yildan buyon bankda bosh buxgalter bo‘lib ishlab kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Dilrabo Allayorova 2025-yilning noyabr oyiga qadar InFinBank bosh buxgalteri bo‘lgan.
O‘zbekiston bank tizimi boshqaruvidagi ayollar
tanga.uz 8-mart munosabati bilan O‘zbekiston bank tizimining yuqori lavozimlarida faoliyat yuritayotgan ayollar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Foto: tanga.uz
Ro‘yxat banklarning rasmiy saytidagi ma’lumotlar asosida shakllantirilib, unga faqat bank boshqaruvidagi ayollar kiritildi.
Ipoteka-bank 40 ta filialini yopmoqda
Ipoteka-bank filial tarmog‘ini optimallashtirish maqsadida 40 ta bank xizmatlari markazini yopilayotganini ma’lum qildi.
Yopilayotgan filiallar ro‘yxati ushbu havolada berilgan.
Ipak Yuli Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
4-mart kuni Ipak Yuli bank Kuzatuv kengashi qarori bilan Malik Avazov bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Avazov ushbu lavozimda 2019-yildan beri ishlab kelayotgandi.
