SQB Kuzatuv kengashiga Franklin Templeton vakili kiritildi
8-aprel kuni O‘zsanoatqurilishbank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda aksiyadorlar bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi Saida Jarbolovaning vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga qaror qildi.
Bo‘shagan o‘ringa Franklin Templeton boshqaruv kompaniyasi vakili Ansell Metyu Jon saylandi.
Shuningdek, yana ikki nafar shaxs bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari etib saylandi.
Ma’lumot uchun, SQB aksiyalarining 40 foiziga Milliy Investitsiya jamg‘armasi egalik qiladi.
Mazkur jamg‘arma 2025-yilning may oyida Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruviga berilgan edi. Batafsil
Markaziy bank mart oyida 20 ta bankni jarimaga tortdi
Markaziy bank mart oyida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan axborot berdi.
Unga ko‘ra, bu oyda 20 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.
Bunga banklarning o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etmagani hamda inspeksiya va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar sabab bo‘lgan.
Shuningdek, ayni shu kamchiliklar uchun 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombard ham jarimaga tortilgan.
Shu bilan birga, 17 ta bankka nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Batafsil
HUMO 2025-yilda qariyb 25 mln dollar sof foyda oldi
HUMO to‘lov tizimi 2025-yilda 312 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi.
Kompaniyaning sof foydasi 2024-yilga nisbatan 144 mlrd so‘mga yoki 86 foizga oshgan.

Infografika: tanga.uz
Solishtirish uchun, UZCARD 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda olgandi.
HUMO to‘lov tizimining daromadlari oshganiga qaramay, soliq to‘lovlari kamaygan.
Kompaniya 2024-yilda 31 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan bo‘lsa, 2025-yilda bu 15,2 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil boshida Paynet to‘lov tashkiloti HUMO to‘lov tizimini 65 mln dollarga sotib olgandi. Batafsil
Mikroqarz va avtokreditlarning haftalik o‘zgarishi
2026-yil 13-aprel kuni aholiga ajratilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 29,1 foizni tashkil etdi.
.jpg)
So‘nggi bir hafta ichida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 0,4 foiz bandga kamaygan.
Bu vaqt ichida avtokreditlarning o‘rtacha stavkasi esa 22,7 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
Asia Alliance Bank aksiyadorlari 2025-yilda olingan sof foydani taqsimladi
Asia Alliance Bank aksiyadorlari 2025-yilda olingan 494 mlrd so‘m sof foydani quyidagicha taqsimladi:
- oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lashga — 368,5 mlrd so‘m (75%)
- taqsimlanmagan foyda sifatida qoldirishga — 80,3 mlrd so‘m (16%)
- zaxira fondiga — 45,3 mlrd so‘m (9%)
Bunda har bir aksiya uchun 45,89 so‘mdan dividend to‘lanishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, bankning yagona aksiyadori “Asia Alliance Group” MChJ hisoblanadi.
Mazkur korxonaning ta’sischisi esa Mustafo Abdurahmonovdir. Batafsil
AloqaBank faktoring tashkilotini qariyb 2 mlrd so‘mga sotdi
16-aprel kuni “Aloqa Finance Faktoring Tashkiloti” MChJning 90 foiz ulushi 1 mlrd 910 mln so‘mga sotildi.
AloqaBank tomonidan sotuvga qo‘yilgan ushbu lotning boshlang‘ich narxi 1 mlrd 819 ming so‘m etib belgilangan edi.
Uch daqiqadan ko‘proq davom etgan kimoshdi savdosida Ismoilov Asqarjon Baxromjonovich g‘olib bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ushbu shaxs Venkon Group kompaniyasining ta’sischisi hisoblanadi.
Faktoring kompaniyasining ustav kapitali 2 mlrd so‘mni, taqsimlanmagan foydasi esa 7,74 mln so‘mni tashkil etadi. Batafsil
Abror Turg‘unov o‘z faoliyatini Asia Alliance Bank’da davom ettiradi
Abror Turg‘unov o‘z faoliyatini Asia Alliance Bank’da Blok rahbari sifatida davom ettiradi.
Turg‘unov bungacha Poytaxt Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Foto: Poytaxt Bank
2025-yilda bir muddat ushbu bankning boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi ham bo‘lib ishlagan.
Turg‘unovning mehnat faoliyati hamda mutaxassisligi haqida batafsil:
ANORBANK tomonidan Anor Tech korxanasi tashkil etildi
ANORBANK tomonidan “Anor Tech” MChJ tashkil etilib, bankning affillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritildi.
Anor Tech korxonasi (ustav fondi 10 mlrd so‘m) 2026-yilning 14-aprelida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Uning faoliyat turi sifatida boshqa dasturiy ta’minotlarni chiqarishi qayd etilgan.
Korxona rahbari sifatida Gimadiyev Sergey Abdulxayevich ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu shaxs O‘zbekiston bank tizimidagi yetakchi menejerlardan biri hisoblanadi.
Gimadiyev 2026-yil boshida ANORBANK Kuzatuv kengashi raisining katta maslahatchisi lavozimida ishlay boshlagani ma’lum bo‘lgandi. Batafsil
Agat Credit 50 mlrd so‘m kredit oldi
Agat Credit mikromoliya tashkiloti aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida Biznesni Rivojlantirish Bankidan 50 mlrd so‘m kredit oldi.
Kredit mablag‘i tashkilot ustav kapitalining 67,83 foizini tashkil etadi.
Tashkilot mazkur kreditni o‘zining kredit portfelini garovga qo‘yish evaziga, 36 oy muddatga, yillik 22 foiz stavkada olgan.
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mikromoliya tashkilotining aktivlari 275,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.
O‘zbekiston tijorat banklari birinchi chorakdagi sof foydasi
O‘zbekiston tijorat banklari 2026-yilning birinchi choragida 5 trln 524 mlrd so‘m sof foyda oldi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln so‘mga yoki 60 foizga ko‘proqdir.

Infografika: tangz.uz
Ushbu davrni AVO Bank’dan tashqari barcha banklar foyda bilan yakunlagan.
Sof foyda bo‘yicha yetakchilar ro‘yxatida davlat banklari va xususiy banklar o‘rtasidagi raqobat kuchaygan.
Xususan, 2025-yilning I choragini zarar bilan yakunlagan Ipoteka-bank bu yil 846,43 mlrd so‘m sof foyda bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan.
Farg‘onada fuqarolarni aldab, ular nomiga kreditlar rasmiylashtirib olgan shaxs qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Quva tumanida tug‘ilgan, 1997-yilda tavallud topgan fuqaro qo‘lga olingan.
U o‘zini vositachi sifatida tanishtirib, kredit tarixi yomon bo‘lgan fuqarolarga ma’lum haq evaziga muammoni «hal qilib berishni» va kredit olishda yordamlashishni va’da qilgan.
Mazkur sxema asosan fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilishga asoslangan.
Gumonlanuvchi mijoz so‘ragan summadagi kreditni olib bergach, ularning nomidan yashirincha qo‘shimcha qarzdorliklarni ham rasmiylashtirgan.
Xususan, jabrlanuvchilardan biri 130 mln so‘m kredit olgan, biroq keyinchalik uning nomiga yana bir kredit rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘lgan. Batafsil
XVJ zaif davlat banklarini qayta tuzishni yoki tugatishni tavsiya qildi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda 2025-yilda kuzatilgan yuqori iqtisodiy o‘sishni e’tirof etgani holda, bank tizimi, soliq siyosati va davlat korxonalarini isloh qilish yuzasidan jiddiy ogohlantirishlar va tavsiyalar berdi.
Xususan, surunkali yomon ko‘rsatkichlarga ega davlat banklarida zudlik bilan choralar ko‘rish, jumladan, zarurat tug‘ilganda rahbariyatni almashtirish talab etilmoqda. Zaif banklar esa qayta tuzilishi yoki tugatilishi kerakligi ta’kidlangan.
Maqsadli va imtiyozli kreditlash dasturlarini bosqichma-bosqich bekor qilish asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Shuningdek, hukumat dasturlari doirasida beriladigan kreditlarga nisbatan ham makroprudensial choralarni qo‘llash tavsiya etildi. Batafsil
Yangiyo‘lda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan bank xodimlari qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tijorat banklaridan birining ikki nafar mutaxassisi narkotik moddalarni saqlash va kurerlik qilishda gumonlanib hibsga olindi.
Ulardan ashyoviy dalil sifatida 485 gramm sintetik giyohvandlik vositasi musodara qilingan. Batafsil
KDB Bank Uzbekistan Toshkent fond birjasi a’zosi bo‘ldi
Toshkent fond birjasida KDB Bank Uzbekistan’ga investitsiya vositachisi sifatida a’zolik huquqini beruvchi guvohnoma topshirildi.
2026-yil 13-apreldan boshlab KDB Bank Uzbekistan 505-sonli brokerlik raqami bilan Birja a’zosi sifatida rasman faoliyat yuritishni boshladi. Batafsil
Banklar uchun “tiklash rejasi” talablari ishlab chiqilmoqda
Markaziy bank banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejasiga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha yangi nizom loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, bank o‘zining moliyaviy ahvoli yomonlashgan taqdirda Markaziy bank talabi asosida uni tiklash choralarini o‘z ichiga olgan tiklash rejasini ishlab chiqadi hamda ko‘rib chiqish va baholash uchun regulyatorga taqdim etadi.
Shuningdek, nizom loyihasida tiklash rejasining umumiy va boshqaruvga oid ma’lumotlari, strategik tahlili, tiklash ko‘rsatkichlari va ssenariylari, shuningdek uni sinovdan o‘tkazish va baholash mezonlari belgilab qo‘yilmoqda.
Loyiha mazmunan bank moliyaviy qiyinchilikka duch kelganda emas, balki xatarlar oldindan sezilganda qanday choralar ko‘rilishi kerakligini tartibga solishga qaratilgan. Batafsil
Ayol tadbirkorlar uchun 500 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilmoqda
Xalq banki ayollar rahbarlik qilayotgan yoki ustav kapitalidagi ulushining kamida 50 foizi ayollarga tegishli bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun kreditni taklif qilmoqda. Kredit shartlari:
- miqdori – 50 mln so‘mdan 500 mln so‘mgacha
- 100 mln so‘mgacha – yillik 23%
- 100 mln so‘mdan oshsa – yillik 21%
- muddati – 3 yildan 5 yilgacha
Kredit mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Mijozning to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib, 100 mln so‘mgacha garovsiz ajratilishi mumkin. Batafsil
Oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka subsidiyasiga ariza qabuli 20-apreldan boshlanadi
Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka krediti bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabuli 20-aprel kuni soat 14:00 da boshlanadi.
Bunda boshlang‘ich badalning 25 foizi qoplab beriladi. Buning uchun nomzod kamida 15 yillik stajga ega bo‘lishi va kredit tarixi talablariga javob berishi lozim. Batafsil
