Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

16.08.2026 14:38
O'zbekchaРусский
Bu hafta (10-avgustdan 16-avgustgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Banklardan 500 dollargacha valyutani shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz olish mumkin bo‘lgani, chorvachilik loyihalari uchun 10 foizli kredit ajratila boshlangani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Davr Bank

Endi banklardan 500 dollargacha valyutani pasportsiz olish mumkin bo‘ldi

Endilikda jismoniy shaxslar banklardan 500 AQSh dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotib olishi mumkin bo‘ldi.

Ushbu yangi tartib 9-avgustdan kuchga kirgan. Bungacha shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etmasdan 100 dollargacha naqd valyuta sotib olish mumkin edi. Batafsil

Banklarning murojaatlar antireytingida chakana va korporativ mijozlarni alohida baholash kerak — iqtisodchi

Iqtisodchi Otabek Bakirov banklarda murojaatlar indeksini hisoblash metodologiyasiga o‘zgartirish kiritish kerakligini ta’kidlamoqda.

Otabek Bakirov. Foto: Muzaffar Bobomurodov / Spot

Uning fikricha, amaldagi metodologiya saqlanib qolsa, chakana mijozlari ko‘p bo‘lgan banklar murojaatlar antireytingida yuqori o‘rinlarda qolaveradi.

Shu sababli u metodologiyada bank mijozlarining korporativ va chakana segmentlari nisbatini hisobga olish yoki ular uchun alohida antireyting tuzish maqsadga muvofiq ekanini bildirdi. Batafsil

Asia Allince bank 20 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqaradi

Asia Alliance Bank 20 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini chiqarishga qaror qildi.

Bunda har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 dollarni, muomala muddati esa uch yilni tashkil etadi.

Obligatsiyalarning kupon stavkasi 7 foiz etib belgilangan bo‘lib, foiz to‘lovlari har chorakda amalga oshiriladi. Batafsil

Iyul oyida O‘zbekistonda oltin quyma narxi qanday o‘zgardi?

2026-yilning iyul oyida O‘zbekistonda oltin quymalari narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Oy davomida eng yuqori narx 1-iyul kuni qayd etilib, 1 gramm quyma uchun 1 mln 848 ming so‘mni tashkil etdi.

Eng past narx esa 20-iyulda qayd etildi — 1 mln 837 ming so‘m. Batafsil

Kredit reklamalari va shartnomalariga qo‘shimcha ogohlantirishlar kiritilishi mumkin

Markaziy bank kredit reklamasi va shartnomalariga qarz oluvchilar uchun qo‘shimcha ogohlantirishlar kiritishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari reklama va shartnomalarda aniq ko‘rsatilishi lozim.

Shuningdek, iste’molchini chalg‘itadigan kredit mahsulotlarini taklif qilgan banklarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash taklif etilmoqda. Batafsil

Davr Bank nazorat pektining Ozarbayjon bankiga sotilishi III chorakda amalga oshirishi kutilmoqda — Fitch

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Ozarbayjon xalqaro banki tomonidan Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib olish joriy yilning uchinchi choragi oxirigacha yakunlanishini kutmoqda.

Bu haqda agentlikning ABB bo‘yicha hisobotida ma’lum qilingan. Fitch hisobotida ushbu bitim Ozarbayjon xalqaro bankining kredit profiliga neytral ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgani qayd etilgan. Batafsil

Rasuljon Gulyamov Uzum Nasiya bilan bog‘liq kompaniyaga bosh direktor etib tayinlandi

Rasuljon Gulyamov Uzum Nasiya savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi Solution Lab aksiyadorlik jamiyatining bosh direktori etib saylandi.

Rasuljon Gulyamov / Foto: Kapitalbank

Ungacha kompaniyani boshqarib kelgan Yegor Abramets o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgan. Gulyamov O‘zbekiston bank tizimida ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis sanaladi.

Mehnat faoliyati davomida Kapitalbank boshqaruv raisi hamda kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib ishlagan. Hozirda u Uzum Bank kuzatuv kengashi raisi ham hisoblanadi. Batafsil

Kiberfiribgarlardan zarar ko‘rgan fuqarolarning 120 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i qaytarildi

Ichki ishlar vazirligida joriy yilning ikkinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon 13 mingdan ortiq fuqaroning kiberfiribgarlik oqibatida ko‘rgan qariyb 120,5 mlrd so‘mlik moddiy zarari qoplab berilgan.

Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish tizimi orqali 29 trln so‘mning xorijga chiqib ketishining oldi olingan va jinoyatga aloqador 18,9 mingga yaqin bank kartasi bloklangan. Batafsil

Mustaqillik bayrami munosabati bilan bank tizimi xodimlari uchun ketma-ket 4 kun dam olish kuni bo‘ladi

1-sentyabr — O‘zbekiston mustaqilligi kuni 2026-yilda seshanbaga to‘g‘ri kelishi sababli ish haftasining turidan qat’i nazar 31-avgust (dushanba) barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. 

Bu Prezidentning 2026-yilda qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan

Shunday qilib, 29-avgust, shanba — besh kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun odatiy dam olish kuni, olti kunlik ish haftasidagilar uchun esa odatiy ish kuni bo‘ladi. 

30-avgust, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni, 31-avgust, dushanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni. 1-sentyabr, seshanba — Mustaqillik kuni, ishlanmaydigan bayram kuni.

Chorvachilik loyihalari uchun 10 yilgacha muddatga 10 foizli kredit ajratila boshlandi

Chorvachilik sohasida yangi loyiha boshlash yoki mavjud biznesni kengaytirishni istagan tadbirkorlar uchun MKBANK va Agrobank imtiyozli kredit imkoniyatlarini taqdim etmoqda. 

Har ikki bankda ham moliyalashtirish miqdori loyiha yo‘nalishiga qarab 20 mlrd so‘mgacha yetadi. Kredit yillik 10 foiz stavkada, 10 yilgacha muddatga beriladi va 48 oygacha imtiyozli davr taqdim etiladi. 

MKBANK chorvachilik majmualarini tashkil etish va nasldor qoramol xarid qilish uchun 5 mlrd so‘mgacha, naslli buqalar urug‘ini yetishtiradigan korxonalarni tashkil etish uchun esa 20 mlrd so‘mgacha kredit ajratadi. Batafsil

Agrobank chorvachilik loyihalari uchun mo‘ljallangan krediti doirasida chorvachilik majmualarini tashkil etish hamda nasldor yirik va mayda shoxli mollarni sotib olish uchun 5 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.  

Naslli buqalar urug‘ini yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlariga esa qurilish, asbob-uskunalar va nasldor mollar xaridi uchun 20 mlrd so‘mgacha kredit olish imkoniyati mavjud. 

To‘lovlarni annuitet yoki differensial grafik asosida amalga oshirish mumkin. Kredit yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun mo‘ljallangan. Batafsil

Markaziy bank aholining qarz yuki ortib borayotganini tashvishli holat deb atadi

“Aholining banklar oldidagi qarzdorligi olti yil ichida besh baravardan ko‘proqqa oshib, 231 trln so‘mga yetdi”, – dedi senator Husan Ermatov.

Markaziy bank vaziyat xavotirli ekanini tan olib, asosiy xavf kreditlashning o‘zida emas, balki fuqarolarning qarzni qaytarish qobiliyatida ekanini ta’kidladi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan