Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

11.10.2026 18:31
O'zbekchaРусский
Bu hafta (5-oktyabrdan 11-oktyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Toshkentda bank xodimi 100 ming dollar pora bilan ushlangani, ikkita davlat bankida boshqaruv raisi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etilgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

AloqaBank boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Xolmuradov lavozimidan ozod etildi

2025-yil 8-apreldan buyon AloqaBank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Akmal Xolmuradov ushbu lavozimdan ozod etildi.

Akmal Xolmuradov / Foto: AloqaBank

Eslatib o‘tamiz, davlat banklarida boshqaruv raisi o‘rinbosarlari soni bittaga qisqartirilmoqda.

Avvalroq mazkur o‘zgarishlar doirasida Mikrokreditbank va Turonbank boshqaruv raisi o‘rinbosarlaridan biri ham lavozimidan ozod etilgan edi.

Qolgan davlat banklarida ham shunday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Batafsil

Xasanjon Axmodev Xalq Banki boshqaruv raisi lavozimidan ozod etildi

Xasanjon Axmedov / Foto: Xalq Banki

Axmedov mazkur lavozimda 2025-yilning fevral oyidan buyon ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq Mikrokreditbank, Turonbank hamda AloqaBank boshqaruv raisi o‘rinbosarlarining har biridan bir nafari lavozimidan ozod etilgan edi.

Qolgan davlat banklarida ham shunday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Batafsil

Toshkent viloyatida bank xodimi 100 ming dollar pora bilan ushlandi

Toshkent viloyatida nufuzli banklardan birining (nomi oshkor etilmagan) bo‘lim boshlig‘i otasiga ajratilgan 16 gektar hamda hokimlik zaxirasidagi 4 gektar yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 4,25 mln dollar talab qilgan.

U so‘ralgan mablag‘ning 100 ming dollarini olayotgan vaqtida ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil

Bank va to‘lov ilovalari kesimida kibero‘g‘irliklar statistikasi e’lon qilindi

IIV taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, avgust oyining o‘zida respublika bo‘yicha 4 866 ta kibero‘g‘irlik jinoyati qayd etilgan.

Shundan 1 717 tasi to‘lov tashkilotlari hamda banklarning mobil ilovalaridan foydalanish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan.

Infografika: IIV

Statistikada jabrlanuvchilar soni bo‘yicha Xalq Bankining Xazna ilovasi 438 ta holat bilan birinchi o‘rinda qayd etilgan.

KDB Bank O‘zbekiston bozorini tark etishi mumkin

Janubiy Koreyaning davlatga qarashli Koreya taraqqiyot banki xorijdagi faoliyatini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Bank ayrim bozorlardagi faoliyatini qisqartirish, o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda esa uni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shu doirada bankning O‘zbekistondagi sho‘ba banki (KDB Bank Uzbekistan) sotilishi mumkin bo‘lgan aktivlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Asosiy xaridor sifatida mamlakat bozoriga kirib kelayotgan Koreya banklari ko‘rib chiqilmoqda. Biroq hozircha bankni sotish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Batafsil

Chirchiqda bank xodimi 13 nafar fuqaroning 1,3 mlrd so‘m pulini o‘zlashtirdi

Chirchiq shahridagi tijorat banklaridan birining (nomi oshkor etilmagan) bank xizmatlari markazi boshlig‘i 13 nafar fuqaroning omonat uchun topshirgan 1,3 mlrd so‘m mablag‘ini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aniqlandi. Batafsil

Raqobat qo‘mitasi kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirishni taklif qildi

Raqobat qo‘mitasi ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmayotgani yuzasidan Markaziy bankka taklif kiritdi.

Ma’lum qilinishicha, belgilangan oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar tranzit hisobvaraqlarida saqlanib qolmoqda. Natijada asosiy qarz kamaymayapti va unga foiz hisoblanishi davom etmoqda. Batafsil

Qahramonjon Olimov ANORBANK kuzatuv kengashi tarkibidan chiqishga qaror qildi

ANORBANK asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimov bankning kuzatuv kengashidan chiqishga qaror qildi.

Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Olimov 2-oktyabr kuni kengash tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergan.

Foto: Qahramonjon Olimov / LinkedIn

Mazkur masala 28-oktyabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qahramonjon Olimov Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgandi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan