Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

10.05.2026 10:46
O'zbekchaРусский
Bu hafta (4-maydan 10-maygacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. SQB, TBC Bank va Tenge Bank boshqaruv tarkibida o‘zgarishlar yuz bergani hamda Davr Bank’ning 51 foiz ulushi Ozarbayjon bankiga sotilayotgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: TBC Uzbekistan

Xalq Bankining Yakkasaroy tumanidagi ma’muriy binosi auksionda 33 mlrd so‘mga sotildi

Lotning boshlang‘ich narxi 27,6 mlrd so‘m edi. Savdolar 30-aprel kuni bo‘lib o‘tdi va 31 daqiqa davom etdi.

Yakunda 33 mlrd so‘m taklif etgan “Marmaris Star” MChJ g‘olib bo‘ldi.

Mazkur korxona 2025-yilning noyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanadi.

Uning ta’sischisi va rahbari sifatida Qalandarov Mansurbek To‘rayevich ko‘rsatilgan.

Ushbu shaxs mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi yana bir qancha korxonaga egalik qiladi. Batafsil

I chorakda banklarning depozit qoldig‘i qariyb 17 trln so‘mga ko‘paydi

2026-yilning I choragida banklarning depozit qoldig‘i 16 trln 676 mlrd so‘mga ko‘payib, 433 trln 934 mlrd so‘mga yetdi.

Ushbu o‘sishning 9 trln so‘mi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgani boshqa banklarga to‘g‘ri keladi.

Chorak davomida aholining depozit qoldig‘i 5,5 trln so‘mga, yuridik shaxslarniki esa 11 trln so‘mga ko‘paydi.

Aholi depozitlari qoldig‘ining o‘sishi asosan davlat banklarida, yuridik shaxslar depozitlari qoldig‘ining o‘sishi esa boshqa banklarda kuzatildi.

Aholi depozitlari qoldig‘i o‘sishiga Agrobank (1 trln 790 mlrd so‘m), yuridik shaxslarnikiga esa Octobank (3 trln 102 mlrd so‘m) eng katta hissa qo‘shgan. Batafsil

Mikroqarz va avtokredit stavkalarining haftalik o‘zgarishi

2026-yil 4-may kuni aholiga ajratilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 28,9 foizni tashkil etdi.

So‘nggi bir hafta ichida mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 0,2 foiz bandga oshgan.

Bu vaqt ichida avtokreditlarning o‘rtacha stavkasi esa 0,3 foiz bandga kamayib 22,3 foizni tashkil etdi.

Bu statistika e’lon qilina boshlaganidan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Asakabank va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida strategik ahamiyatga ega kelishuv imzolandi

Unga ko‘ra, Asakabank Osiyo taraqqiyot bankidan 40 mln dollar miqdorida kredit liniyasi jalb qiladi.

Mazkur mablag‘lar mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ayollar tadbirkorligi va “yashil” loyihalarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Batafsil

O‘zbekistonda bir shaxsga tegishli kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalar bepul bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda bir fuqaroga tegishli bo‘lgan bir nechta bank kartasi o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari komissiyasiz bo‘lishi mumkin.

5-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda bu borada tegishli takliflar berildi.

Shuningdek, SMS-xabarnoma xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish va muqobil variantlarni joriy etish taklif etildi.

Shu bilan birga, ayrim tovarlar uchun xarid cheki bo‘yicha keshbekni tezkor qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Batafsil

O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv tarkibida o‘zgarish yuz berdi

Abdurashid Hakimov O‘zsanoatqurilishbank boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Abdurashid Hakimov va Shuhrat Yoqubov

Hakimov 2020-yil 15-oktyabrdan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan Shuhrat Yoqubovning o‘rnini egallaydi.

Yoqubov esa bank boshqaruv raisining xususiylashtirish jarayonlarini boshqarish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi.

Abdurashid Hakimovning mutaxassisligi va mehnat faoliyati haqida batafsil:

Doniyor Abdurahmonov Tenge Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

Bankning rasmiy saytiga ko‘ra, Abdurahmonov ushbu lavozimda 8-maydan ish boshlagan.

Doniyor Abdurahmonov / Foto: Tenge Bank

U tayinlovga qadar bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Doniyor Abdurahmonovning 23 yillik mehnat faoliyati va mutaxassisligi haqida batafsil:

UZCARD moliya direktori TBC Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tayinlandi

Azizbek Ashurov TBC Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari — bosh moliyaviy direktor lavozimiga tayinlandi.

Tegishli tayinlov bo‘yicha qaror bankning kuzatuv kengashi tomonidan 30-mart kuni qabul qilingan.

Azizbek Ashurovning LinkedIn sahifasida uning 2025-yil yanvar oyidan UZCARD to‘lov tizimining bosh moliya direktori lavozimida ishlab kelayotgani ko‘rsatilgan.

Ungacha esa TBC Uzbekistan ekotizimi, Asia Alliance Bank hamda KPMG Uzbekistan auditorlik tashkilotida faoliyat yuritgan. Batafsil

Davr Bank’ning 51 foiz ulushi Ozarbayjon bankiga sotilmoqda

Ozarbayjon Xalqaro Banki (ABB) O‘zbekistondagi Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib olmoqda.

Bu haqda Ozarbayjonning Report nashri ABB boshqaruv raisi Abbos Ibragimovga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, tomonlar bitimni 2026-yilning ikkinchi yarmida yakunlaydi.

Abbos Ibragimovning nashrga ma’lum qilishicha, bankning nazorat paketini sotib olish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Davr Bank aktivlari taxminan 1 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.

Bankni sotib olishga kiritiladigan investitsiyalar hajmi esa 100 mln dollardan oshishi kutilmoqda.

2026-yil I chorak yakunlariga ko‘ra, Davr Bank aktivlari 12,6 trln so‘mga yetgan.

Aktivlarning 2,2 trln so‘mini xususiy kapital tashkil etadi. Davr Bank 2025-yilda 631,5 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Batafsil

Kredit tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Banklar va nobank kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur nizom bilan mikromoliya banklari, kafolat beruvchi tashkilotlar, faktoring tashkilotlari va kredit byurolariga nisbatan ham chora va sanksiyalar qo‘llash tartibi belgilandi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri — regulyator tomonidan qo‘llaniladigan choralar va jarimalar ro‘yxati kengaytirilib, ularning miqdori kapitalga nisbatan foiz hisobida belgilandi.

Mazkur o‘zgartirishlar 2026-yil 7-avgustdan kuchga kiradi. Batafsil

O‘zmilliybank xususiy klinika tashkil etish uchun 17 foizli kredit ajratadi

Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zmilliybank tomonidan 200 mln dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Mazkur mablag‘lar hududlarda yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xususiy klinikalar tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Kredit 10 mln dollargacha bo‘lgan miqdorda milliy valyutada ajratiladi.

Yillik stavkasi 17 foiz etib belgilangan ushbu kredit 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga beriladi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar