Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

15.11.2026 16:25
O'zbekchaРусский
Bu hafta (9-noyabrdan 15-noyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Olga Numanova Apex Bank boshqaruvini tark etgani, Irakli Elashvili Asakabank boshqaruv raisi etib tayinlangani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Olga Numanova (chapda) Irakli Elashvili

Mahalliy maishiy texnika xaridi uchun 18 foizli kredit ajratish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnikalarni xarid qilish uchun banklar tomonidan yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratish rejalashtirilmoqda.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda hisob-kitoblarni tayyorlash va banklarga ushbu kreditlar uchun arzon mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi. Batafsil

O‘zbekistonda bankomatlar mahalliy ishlab chiqarilishi mumkin

O‘zbekistonda bankomatlarni mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Prezident raisligida o‘tgan muloqotda aytilishicha, ichki bozorda ularga talab katta, kelgusida yana oshishi kutilmoqda.

Prezident talabni o‘rganib, texnologiya va investorlarni jalb etgan holda, bankomatlarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasini qo‘ydi. Batafsil

Olga Numanova Apex Bank boshqaruvini tark etdi

2025-yilning dekabr oyidan buyon Apex Bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelgan Olga Leonidovna Numanova lavozimidan ozod etildi.

Olga Numanova / Foto: InFinBank

Shuningdek, bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Sharof Renatovich Ikramovning ham vakolatlari tugatildi. Boshqaruv raisi vazifalarini vaqtincha bajarish Sharof Renatovich Ikramovga yuklatilgan. Batafsil

Kapitalbank 50 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini muomalaga chiqarmoqda

Kapitalbank umumiy qiymati 50 mln dollar bo‘lgan o‘zining birinchi valyuta obligatsiyalarini chiqaradi.

Obligatsiyalarning nominal qiymati 100 dollar, muomala muddati 731 kun, yillik stavkasi esa 7 foiz etib belgilangan. Batafsil

Garant Bank boshqaruv raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

2024-yilning oktyabr oyidan buyon Apex Bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Sharof Renatovich Ikramov Garant Bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Sharof Ikramov / Foto: Apex Bank

Tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach rasman kuchga kiradi. Batafsil

Mybank kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi 43 foizdan oshdi

Sentyabr oyida Mybank muammoli kreditlar hajmi 196 mlrd so‘mga ko‘payib, 1-oktyabr holatiga 255 mlrd so‘mga yetdi.

Infografika: tanga.uz

Bu bank jami kredit portfelining 43,4 foizini tashkil etadi va tijorat banklari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Batafsil

Kredit reklamasida qarzni qaytarmaslik xavflari haqida ogohlantirish talabi joriy etildi

O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berish majburiy etib belgilanmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, ogohlantirish reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak. Ushbu talab 2027-yil 10-fevraldan kuchga kiradi. Batafsil

Irakli Elashvili Asakabank boshqaruv raisi etib tayinlandi

Gruziyalik mutaxassis bank va moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega.

Bungacha 2024-yil dekabridan 2026-yil sentyabrigacha Ipoteka bank boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Irakli Elashvili / Foto: Ipoteka bank

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevralidan buyon Asakabank boshqaruv raisi lavozimida Qudratilla To‘laganov ishlab kelgan.

U joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi etib tayinlangan edi.

Shundan so‘ng, 26-fevral kuni bank raisi lavozimiga ochiq tanlov e’lon qilingan edi. Batafsil

Markaziy bank oktyabr oyida 6 ta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi oktyabr oyida 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi.

Bunga belgilangan talablarning buzilgani va tekshiruvlarda aniqlangan qonunbuzarliklar sabab bo‘lgan.

Yana 1 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkiloti chora hamda sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirilgan. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan