Umidjon Hakimov Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari (CAO) lavozimiga tayinlandi
Bu bo‘yicha tegishli qaror bank Kuzatuv kengashining 16-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi.
Uning nomzodi Markaziy bank tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli ruxsat olingach, o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Umidjon Hakimov / Foto: Bankers.uz
Hakimov ushbu lavozimda 2019-yildan 2026-yilning mart oyigacha ishlab kelgan Malik Avazovning o‘rnini egallaydi.
Malik Avazov 11-mart kuni ANORBANK boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.
Hakimovning mehnat faoliyati hamda ta’lim olgan oliygohlari haqida batafsil:
SQB turk aktyori Burak O‘zchivitni bank ambassadori sifatida jalb qilish bo‘yicha tender e’lon qildi
O‘zsanoatqurilishbank brend-ambassadorlik xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha yirik tender e’lon qildi.
Mazkur tenderning boshlang‘ich qiymati 4,86 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Tender hujjatlariga ko‘ra, xizmatlar doirasida mashhur turk aktyori Burak O‘zchivitni bank brendi ambassadori sifatida jalb etish ko‘zda tutilgan.
Shartnomaga muvofiq, aktyor bilan ikki yilgacha hamkorlik qilish, uning ishtirokida foto va video kontent ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Tender shartlariga ko‘ra, ishtirokchi g‘olib deb e’lon qilinganidan keyin 5 kun ichida aktyor bilan imzolangan kelishuvni taqdim etishi lozim. Batafsil
Asakabank’ni xususiylashtirish jarayoni jadallashtiriladi
Bu bo‘yicha Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bankning asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan har qanday faoliyat turi va vazifalar bajarilishi to‘xtatiladi.
Shuningdek, bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish va investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida davlat tomonidan sezilarli yordam ko‘rsatiladi.
Jumladan, 2026-yilda davlat byudjeti hisobidan bank ustav kapitaliga 95 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ kiritilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, Asakabank kredit portfeli 40 trln 684 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Shundan 1 trln 829 mlrd so‘mi yoki 4,5 foizi muammoli kreditlar hisoblanadi.
Bank muammoli kreditlar yuqoriligi bo‘yicha davlat banklari orasida Mikrokreditbank’dan keyingi o‘rinda turibdi. Batafsil
Timur Ishmetov 2026-yil oxirigacha banklar to‘liq xalqaro moliyaviy standartlarga o‘tkazilishini ma’lum qildi
Markaziy bank raisi mazkur jarayon bo‘yicha hukumat bilan hamkorlikda doimiy ish olib borilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u banklarda risk-menejmentini ham yaxshilash kerakligini qo‘shimcha qildi.
Kredit ajratishda uni ko‘proq ishonchli qarz oluvchilarga berish juda muhim masala ekani qayd etildi. Batafsil
I chorakda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 13 foizga oshdi — 3,8 mlrd dollar
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari orqali 3,8 mlrd dollar kelib tushdi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 433 mln dollarga yoki 13 foizga ko‘pdir.
Mazkur mablag‘lar aholining banklarga valyuta sotishining asosiy manbayi bo‘lib xizmat qildi.
Bunda aholi banklarga 6 mlrd dollar xorijiy valyuta sotgan bo‘lsa, banklardan 3,2 mlrd dollar xorijiy valyuta sotib olgan.
Biroq shunga qaramay, mamlakatda bu davrda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab taklifdan yuqori bo‘ldi.
Markaziy bank buning sababini yuridik shaxslarning valyuta xaridi sezilarli darajada ortgani bilan izohladi. Batafsil
Dilshod Po‘latov Poytaxt Bank boshqaruv raisi lavozimidan ozod etildi
20-aprel kuni Poytaxt Bank aksiyadorining qarori bilan Dilshod Po‘latov bank boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etildi.

Foto: Dilshod Po‘latov
Dilshod Akmalevich Po‘latov mazkur lavozimda 2025-yil 16-sentyabrdan buyon ishlab kelayotgan edi.
Yangi rahbar tayinlanguniga qadar bankni vaqtinchalik boshqarish boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Xo‘jaqulovga topshirildi.
Shuningdek, 20-aprel kuni Abror Turg‘unov ham Poytaxt Bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq, Turg‘unovning Asia Alliance Bank’ka Blok rahbari bo‘lib ishga o‘tgani ma’lum bo‘lgandi. Batafsil
Qaysi banklar yuridik shaxslar uchun arzonroq kredit ajratmoqda?
20-aprel kuni aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun yuridik shaxslarga o‘rtacha 25,4 foizdan kredit ajratildi.
Mazkur turdagi kredit banklar kesimida 21 foizdan 30,3 foizgacha oraliqda shakllandi.
20-aprel kuni mazkur kredit TBC Bank tomonidan o‘rtacha 30,3 foizdan ajratilgan.

Manba: Markaziy bank
Shu kuni asosiy vositalar xaridi uchun ajratilgan kreditlarning o‘rtacha stavkasi esa 23,9 foizga teng bo‘ldi.
Ushbu turdagi kredit banklar kesimida 19,8 foizdan 29,5 foizgacha oraliqda shakllandi. Batafsil
UZCARD avtomatik yechib olish tartibini o‘zgartirdi: endi kartada kamida 1 mln 236 ming so‘m qoladi
UZCARD avtomatik akseptsiz yechib olish xizmatidan foydalanish shartlarini o‘zgartirmoqda.
Unga ko‘ra, endilikda to‘lov tizimi kartalaridan kreditlar va boshqa majburiyatlarni so‘ndirish uchun kartadagi barcha mablag‘ yechib olinmaydi.
Bunda kartada kamida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida mablag‘ qoldiriladi.
Biroq foydalanuvchi qolgan mablag‘ni ham kredit to‘lovlariga yo‘naltirishni istasa, buni bemalol amalga oshirishi mumkin.
UZCARD axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu tartib 2026-yilning 15-aprelidan joriy etilgan. Batafsil
Mart oyida banklarning muammoli kreditlari qariyb 400 mlrd so‘mga kamaydi
Mart oyida banklarning muammoli kreditlari 396 mlrd so‘mga kamaydi. Ushbu pasayish asosan davlat banklari hisobiga yuz bergan.
Jumladan, bu oyda O‘zmilliybank (-377 mlrd so‘m) hamda Asakabank (-124 mlrd so‘m) muammoli kreditlarini sezilarli darajada kamaytira olgan.
Boshqa banklardan esa Ipoteka-bank (-131 mlrd so‘m) hamda Kapitalbank (-56 mlrd so‘m) ko‘proq hissa qo‘shgan.
Agrobank (+102 mlrd so‘m), ANORBANK (+82 mlrd so‘m) hamda Xalq Bankida (+67 mlrd so‘m) esa muammoli kreditlar hajmi sezilarli darajada oshgan. Batafsil
1-maydan HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi ikki barobarga oshadi
HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi ikki baravarga oshirilmoqda.
1-maydan boshlab har bir kiruvchi SMS-xabar uchun 168,40 so‘m miqdorida haq olinadi.
Hozirda bu narx 84,2 so‘mni tashkil etadi. Narx oshishi texnik infratuzilma va dasturiy ta’minotni rivojlantirish xarajatlari ortgani bilan izohlangan.
Ushbu xizmatni 13131 qisqa raqamiga STOP so‘zini yuborish orqali o‘chirib qo‘yish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan HUMO Card botining premium oylik obuna narxi 5000 so‘m (avval 1000 so‘m bo‘lgan) etib belgilangandi. Batafsil
Janubiy Koreyaning Shinhan Banki O‘zbekistonda sho‘ba bankini ochishni rejalashtirmoqda
Shinhan Bank mamlakat bozoriga to‘laqonli kirish va mahalliy sho‘ba bank tashkil etish bo‘yicha ichki qarorni tasdiqladi.
Moliya organlariga ariza 2026-yilning birinchi yarmida topshirilishi rejalashtirilgan. To‘liq faoliyat esa 2027-yilda boshlanishi mumkin.
Tayyorgarlik jarayonlarining asosiy qismi allaqachon yakunlangan, harakatlar esa mahalliy regulyatorlar bilan kelishilgan.
Shinhan Bank vakolatxonasi O‘zbekistonda 2009-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Batafsil
Andijonda bank mansabdori 40 ming dollar pora bilan ushlandi
O‘zbekistondagi banklardan birining Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari yirik miqdordagi pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mulklarni sotish jarayoniga aralashgan.
Xususan, u Asaka tumanida joylashgan, bahosi 16,8 mlrd so‘mlik 4 qavatli xususiy shifoxona binosi auksionda sotilmay qolganidan foydalangan.
Gumonlanuvchi ushbu bino narxini 12 mlrd so‘mga tushirib, bank hisobiga o‘tkazish va keyinchalik mahalliy tadbirkorga auksionsiz, 7 yil muddatga foizsiz kredit asosida rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ushbu “xizmati” evaziga bank mulozimi tadbirkordan 90 ming dollar talab qilgan.
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari so‘ralgan pulning 40 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Batafsil
Endi mobil raqamni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish jarayonini uyda turib onlayn amalga oshirish mumkin
Buning uchun MyGov portali orqali “Mobil raqamni qayta rasmiylashtirish” xizmatidan foydalaniladi.
Ariza berish jarayonida ikkala tomon ham MyID orqali tasdiqlanadi. Batafsil
