Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

11.09.2026 20:26
O'zbekchaРусский
Bu hafta (7-sentyabrdan 13-sentyabrgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Davr Bank nazorat paketi Ozarbayjon Xalqaro bankiga 140 mln dollarga sotilgani, Behzod Hoshimov Biznesni Rivojlantirish Banki Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylangani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Iskandar Tursunov (chapda) va Behzod Hoshimov

Kredit to‘lovini undirishda mijoz kartasida kamida 680 ming so‘m qoldirish taklif qillinmoqda

Markaziy bank kredit qarzdorligini undirishda mijozning barcha bank kartalaridagi mablag‘larni to‘liq yechib olishni cheklashni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, bank kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni undirish chog‘ida mijozning kartasida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi (680 ming so‘m) miqdoridagi mablag‘ni qoldirishi kerak bo‘ladi. Batafsil

Iskandar Tursunov AloqaBank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanmoqda

AloqaBank boshqaruvida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Tursunov Iskandar Umarjonovich / Foto: Facebook

Yangi lavozim Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-iyul kuni yoshlar bilan ochiq muloqoti davomida bergan topshirig‘i asosida tashkil qilindi.

3-sentyabr kuni bank Kuzatuv kengashi yig‘ilishida yangi lavozimga Tursunov Iskandar Umarjonovichni tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Batafsil

Turonbank ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtiriladi

2026–2027-yillarda ommaviy savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan davlat ulushi mavjud korxonalar ro‘yxati shakllantirildi.

Ro‘yxatga Turonbank ham kiritilgan bo‘lib, bank ustav kapitalidagi 98,9 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish rejalashtirilgan.

Bunda xususiylashtirish xalqaro maslahatchilarning xulosalari hamda bankning jarayonga tayyorlik darajasidan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Batafsil

ANORBANK o‘z sug‘urta kompaniyasini tashkil etayotgan bo‘lishi mumkin

8-sentyabr kuni Korporativ axborot yagona portalida ANORBANK sho‘ba korxonalari ro‘yxatiga Anor Sug‘urta aksiyadorlik jamiyati qo‘shilgani ma’lum qilindi.

Portalda keltirilishicha, yangi kompaniyaning manzili Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 5-tor ko‘cha, 4-uy sifatida ko‘rsatilgan.

Ochiq reyestrda Anor Sug‘urta bo‘yicha ma’lumot topishning imkoni bo‘lmagani bois, uning faoliyat turi, ustav kapitali hamda rahbari kabi tafsilotlarni aniqlab bo‘lmadi.

Portalning o‘zida ham bu haqda yoki tashkilot bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar keltirilmagan.

Biroq kompaniyaning nomi va aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilganidan kelib chiqib, u sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin, degan xulosaga kelish mumkin. Batafsil

O‘zbekistonda raqamli tokendan to‘lov vositasi sifatida foydalanish sinovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda so‘mga tenglashtirilgan HUMO nomli raqamli tokendan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha tajriba loyihasi boshlanmoqda.

Loyiha doirasida token yordamida tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilish hamda to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati sinab ko‘riladi.

HUMO tokenlari barqaror bo‘lib, bir donasi 1 so‘mga teng bo‘ladi. Ular davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Tajriba loyihasining dastlabki muddati 12 oy. Zarurat tug‘ilganda, loyiha uzaytirilishi mumkin, biroq uning umumiy muddati uch yildan oshmasligi belgilangan. Batafsil

Markaziy bank valyuta kursini hisoblash tartibini o‘zgartirmoqda

Markaziy bank ichki valyuta bozorida ayirboshlash kursini shakllantirish va e’lon qilish amaliyotini takomillashtirmoqda.

15-sentyabrdan rasmiy valyuta almashuv kurslari faqat valyuta birjasidagi bitimlar asosida emas, balki banklararo birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarni ham inobatga olgan holda belgilanadi. Batafsil

Markaziy bank avgust oyida 22 ta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi avgust oyida 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi.

Iyun oyida 21 ta bank jarimaga tortilib, 23 ta bankka chora va sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirish berilgan edi. Batafsil

Ozarbayjon Xalqaro banki Davr Bank aksiyalarining 51 foizini qariyb 140 ming dollarga sotib oldi

Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51 foizini qariyb 140 mln dollarga sotib oldi. Mazkur bitim Toshkent fond birjasida amalga oshirilgan.

10-sentyabr kuni birjada bo‘lib o‘tgan savdolar natijasiga ko‘ra, bankning 51 mln dona aksiyasi 6 ta bitim orqali sotilgan.

Savdolar soat 13:39 dan 13:49 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkazilgan. Barcha bitimlarda bir dona aksiyaning narxi 32 281,28 so‘mga teng bo‘lgan. Batafsil

Poytaxt Bank 10 mln dollarlik valyuta obligatsiyalarini muammoliga chiqarmoqda

Poytaxt Bank umumiy qiymati 10 mln dollar bo‘lgan xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni muomalaga chiqarmoqda.

Shu tariqa bank O‘zbekistonda Asia Alliance Bank va Universalbank’dan keyin xorijiy valyutadagi obligatsiya chiqarayotgan uchinchi bank bo‘ldi.

Bank ushbu emissiya doirasida yillik 8,5 foiz daromadlilik taklif etmoqda. Har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 dollarni, muomalada bo‘lish muddati esa 1 yilni tashkil etadi. Batafsil

Davr Bank nazorati paketi Ozarbayjon bankiga sotilgach, uning kredit reytingi oshirildi

S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi Davr Bankning uzoq muddatli kredit reytingini “B” darajasidan “B+” darajasiga oshirdi.

Bankning qisqa muddatli reytingi “B” darajasida qoldirildi, prognoz esa barqaror deb baholandi.

Agentlikning ta’kidlashicha, reytingning oshirilishiga Davr Bank nazorati Ozarbayjon Xalqaro bankiga o‘tgani asosiy omil bo‘lgan. Batafsil

O‘zbekistonda dollar kursi yana uch yillik minimumga tushdi

14-sentyabr kuni uchun dollarning rasmiy kursi 11 765,76 so‘m etib belgilandi. Bu 2023-yilning 10-avgustidan keyingi davr uchun eng past ko‘rsatkichdir.

Bunda rasmiy kurs ketma-ket uchinchi kun pasayib, shu muddat ichida 50 so‘mga arzonladi.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning 14-sentyabrida 1 AQSh dollarining rasmiy kursi 12 426,83 so‘mni tashkil etgandi. Bu bir yil ichida rasmiy kursning 661 so‘mga pasayganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, avgust oyida so‘m dollarga nisbatan 1,9 foizga mustahkamlandi. Bu joriy yilda kuzatilgan eng yirik oylik mustahkamlanish bo‘ldi.

Behzod Hoshimov Biznesni Rivojlantirish Banki Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi


Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti professori Hoshimov Behzod Alisher o‘g‘li Biznesni Rivojlantirish Banki kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi. Tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgach rasman kuchga kiradi. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan