Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

02.08.2026 08:41
O'zbekchaРусский
Bu hafta (27-iyuldan 2-avgustgacha) O‘zbekiston bank tizimida bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Banklarning muammoli kreditlari yarim yilda 5 trln so‘mga ortgani, Hayot Bank islomiy mikromoliya banki ochayotgani shular jumlasidandir.
Bu hafta bank tizimida yuz bergan eng muhim yangiliklar — dayjest

Foto: Yandex Maps

O‘zbekiston banklarining muammoli kreditlari yarim yilda qariyb 5 trln so‘mga ortdi — tahlil

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklarining muammoli kreditlari 4,88 trln so‘mga ortib, 22,9 trln so‘mga yetdi.

Kredit portfeli esa yarim yil ichida 38 trln 807 mlrd so‘mga ko‘payib, 642 trln 810 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Yarim yilda shakllangan muammoli kreditlarning 3 trln 612 mlrd so‘mi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Ushbu davrda Mikrokreditbank muammoli kreditlari eng ko‘p o‘sgan bo‘lsa, Kapitalbank hamda Ipoteka-bank ularni sezilarli darajada kamaytira olgan. Batafsil

Bankirlarning o‘rtacha oylik maoshi 19 mln so‘mdan oshdi

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 91 ming so‘mni tashkil etdi.

Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 1 mln 102 ming so‘mga yoki 18,4 foizga ko‘pdir.

Eng yuqori maosh bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida bo‘lib, ushbu sohalardagi o‘rtacha oylik 19,1 mln so‘mni tashkil etgan. Batafsil

Apex Moliya faoliyatini islomiy mikromoliya bankiga o‘zgartirishga qaror qildi

Apex Moliya mikromoliya tashkiloti islomiy mikromoliya bankiga aylanishni rejalashtirmoqda. 

Kompaniya aksiyadorlari navbatdan tashqari yig‘ilishda bu bo‘yicha muhim qarorlar qabul qildi. 

Qarorga muvofiq, yangi bank tashkil etish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnoma olinadi. 

Ruxsatnoma olinganidan so‘ng, Apex Moliya qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali ustav kapitalini 50 mlrd so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilib, uning tarkibi tasdiqlandi. Batafsil

Trastbank ustav kapitali 1 trln so‘mga oshirilmoqda

Trastbank o‘tgan yillar davomida shakllangan taqsimlanmagan foydasini kapitallashtirish hisobiga ustav kapitalini 1 trln 250 mln so‘mga oshirmoqda. 

Emissiya yakunlangach, bankning ustav kapitali 2 trln 500 mln so‘mga yetadi. Batafsil

O‘zbekistonda bir qator banklar Zolotaya Korona orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi

Yevropa Ittifoqi 14-sanksiyalar paketi doirasida Zolotaya Korona operatoriga aloqador tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. 

Shundan so‘ng O‘zbekistonda bir qator banklar ushbu tizim orqali xalqaro pul o‘tkazmalarini vaqtincha to‘xtata boshladi.

Maqola yozilayotgan vaqtda Asakabank, Agrobank, InFinBank, MKBANK, BRB, Kapitalbank, SQB, Poytaxt Bank, Turonbank, Asia Alliance Bank hamda Trastbank xizmat ko‘rsatishni to‘xtatganini e’lon qilgan. Batafsil

Zolotaya Korona muassisi O‘zbekisondagi ParaPay to‘lov tashkilotini sotib oldi

Rossiyaning Servis aksiyadorlik jamiyati (Zolotaya Korona muassisi) O‘zbekistondagi ParaPay to‘lov tashkiloti aksiyalarining 100 foizini sotib oldi. 

Mazkur bitim Yevropa Ittifoqi Zolotaya Korona operatoriga aloqador tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan kuni amalga oshirilgan. Batafsil

Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. 

Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotda narxlar oshishiga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Shu sababli asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish zarur deb topildi. 

Eslatib o‘tamiz, asosiy stavka 2025-yilning 20-mart sanasida 0,5 foiz bandga ko‘tarilib, 14 foiz darajasiga yetkazilgandi. 

Undan keyingi davrda bu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolmoqda. Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 16-sentyabriga belgilangan. Batafsil

Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi

Adam Sentpeteri Ipoteka-bank boshqaruv raisi etib tayinlandi. U 2023-yil iyunidan buyon mazkur bank boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. 

Adam Sentpeteri / Foto: Ipoteka-bank

Sandro Rtveladze 2026-yil 3-iyunda mazkur bank boshqaruv raisi lavozimidan ozod etilgach, Sentpeteri bankni vaqtincha boshqarib kelayotgandi. Batafsil

Hayot Bank islomiy mikromoliya banki ochmoqda

Hayot Bank ta’sischiligida ZAMAN islomiy mikromoliya banki tashkil etildi. 

Yangi bank Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Taxtapul MFY, Labzak ko‘chasi, 116-uy manzilida ro‘yxatdan o‘tgan. Batafsil

O‘zbekistonda omonatdan olinagadigan daromadlarga soliq solish taklif qilindi

Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizli daromadlarga 5 foizlik daromad solig‘ini joriy etishni taklif qildi. 

Institut bu orqali budjetga yiliga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum tushishi mumkinligini qayd etgan.

Hozircha bu faqat institut tashabbusi bo‘lib, amaliyotga joriy etilishi uchun Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi va tasdiqlanishi lozim. Batafsil

Bank omonatlaridan olinadigan daromadga soliq solish yuzasidan rasmiy taklif kiritilmagan — MB

Markaziy bank bank omonatlaridan olinadigan daromadga soliq solish taklifiga munosabat bildirdi. 

Nazorat organining ma’lum qilishicha, ushbu taklif ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida aytilgan va rasmiy taklif sifatida kiritilmagan. 

Shuningdek, regulyator tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni muntazam o‘rganib, turli tahliliy takliflarni ilgari surishi tabiiy hol ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foizli daromadlarga 5 foizlik daromad solig‘ini joriy etishni taklif qilgandi. Batafsil

Toshkentda 3,5 mln dollarlik kredit evaziga 420 ming dollar pora talab qilgan bankir va uning sherigi ushlandi

Toshkentdagi xususiy banklardan birida yurist lavozimida ishlovchi shaxs va uning sherigi bankdan 3,5 mln dollar miqdoridagi imtiyozli kredit ajratib berish evaziga 420 ming dollar (kreditning 12 foizi)ni talab qilgan. 

DXX va Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchilar so‘ralgan mablag‘dan 50 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Batafsil

#bank_dayjest

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan